Shavkat Mirziyoyev Mustafo Kamol Otaturk maqbarasiga gul qoʻydi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasining birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk hoki qoʻyilgan Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi, deb xabar qildi Oʻzbekiston Hukumati matbuot-xizmati.

Foto: Turkiya prezidenti matbuot xizmati

Mustafo Kamol Otaturk oʻz vatanining milliy istiqloli uchun kurashgan va Turkiya Respublikasiga asos solgan inson sifatida qadrlanadi. Anitkabir yodgorlik majmuasi uning davlat va xalq oldidagi xizmatlariga hurmat ifodasi sifatida bunyod etilgan. 750 kvadrat metr maydonni egallagan majmua maqbara, muzey, bogʻ va boshqa obyektlarni oʻz ichiga olgan.

Shavkat Mirziyoyev buyuk davlat va siyosat arbobi Mustafo Kamol Otaturk qabriga gul qoʻyib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Turkiya Respublikasi prezidenti saroyida rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdoʻgʻon shohsupaga koʻtarildilar.

Oʻzbekiston va Turkiyaning davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan oʻtdilar.

Davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv oʻtkazdi. Muloqotda iki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston — Turkiya muzokaralari kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

Unda rasmiy delegatsiyalar aʼzolari, vazirlik va yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Muzokarada mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Latest from Blog