Foto: Zamin.uz

Shavkat Mirziyoyev muftiy Usmonxon Alimovning oila aʼzolariga hamdardlik bildirdi

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 71 yoshida vafot etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Usmonxon Alimov 1950-yil 1-yanvarda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tugʻilgan. Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, Toshkent islom institutida, Marokash davlatining Qaraviyyin universitetida tahsil olib, islom dini asoslarini, arab va fors tillarini chuqur oʻrgangan.

U 1980—2006-yillarda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy masjidida imom noibi, imom-xatib vazifalarida ishlagan. 2000—2006-yillarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi boʻlgan.

Usmonxon Alimov 2006-yildan buyon Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. “Davlat rahbarining tashrifi, hamdardlik soʻzlari ogʻir judolikka uchragan koʻngillarga taskin boʻldi. Marhumning haqiga duo qilindi”, — deyiladi xabarda.

Latest from Blog