Shavkat Mirziyoyev Meksika rahbariga hamdardlik yo‘lladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Meksika Prezidenti Enrike Penya Netoga hamdardlik maktubini yo‘lladi. Bu haqda mamlakat TIV matbuot xizmati xabar qildi.

«Meksikadagi talofatli zilzila oqibatida ko‘plab insonlarning halok bo‘lganligi haqidagi xabar bizni chuqur qayg‘uga soldi» — deyiladi maktubda.

Davlat rahbari butun Meksika xalqiga, shuningdek, nobud bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga va jarohatlanganlarga samimiy hamdardlik va dalda so‘zlarini yetkazishni so‘radi.

Mexiko shahrida 148 kishi, Morelosda 73 kishi, Puebleda 45 kishi, Mexiko shtatida 13 kishi, Gerreroda 6 kishi, Oaxakeda 1 kishi vafot etgan, jami qurbonlar soni 286 nafar.

Zilziladan soʻng 200 ga yaqin odam bedarak yoʻqolgani aytilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 19-sentabr kuni Meksikada 7,1 balli yer qimirlashi sodir boʻldi. Aholisi 20 mln kishi boʻlgan Mexikoda yer qimirlashi oqibatida buzilgan yoki yaroqsiz holga kelgan binolar soni 38 taga yetdi.

Latest from Blog