Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gul qo‘ydi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan bayram tadbirlarida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushida g‘alabani ta’minlashga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbek xalqining jasoratini bor ko‘lami bilan ko‘rsatib beradigan yaxlit majmuani yaratish borasidagi tashabbusni 2019-yilda ilgari surgan edi.

Shundan so‘ng, ilmiy-ijodiy jamoatchilikning takliflari, xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida badiiy-me’moriy konsepsiya ishlab chiqildi. Davlat rahbari bu boradagi loyihalar bilan bir necha bor tanishdi. Toshkent shahrining Olmazor tumanida 12 gektardan ziyod joy ajratilib, ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

G‘alaba bog‘i har biri alohida mavzuga ega bo‘lgan ikki qismdan iborat. Birinchisida o‘zbekistonliklarning janglardagi ishtirokidan lavhalar, ikkinchisida front ortidagi respublika hayoti aks etgan.

O‘zbekiston Prezidenti dastlab “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu yodgorlik qandaydir badiiy obraz emas, unga hayotda bo‘lgan voqea – mo‘tabar ona va uning oilasi to‘g‘risidagi haqiqat asos qilib olingan.

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog‘ida yashagan Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh o‘g‘lidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli aziz farzandlaridan judo bo‘lgan. Uning to‘rt kelini beva, besh nabirasi yetim bo‘lib qolgan. Kelinlari ham Zulfiya ayadan o‘rnak olib, o‘z oilasiga sodiq qolgan, boshqa turmush qurmagan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘tgan yilgi Xotira va qadrlash kunida davlat rahbari Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o‘g‘li, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal o‘rnatish hamda unga “Matonat madhiyasi” deb nom berish taklifini bildirgan edi. Bu tashabbusni jamoatchiligimiz qizg‘in qo‘llab-quvvatladi. Shu mavzuda maqolalar, she’rlar va badiiy film yaratildi.

Hozirda G‘alaba bog‘ining markazida ushbu muazzam obida qad rostlab turibdi.

“Bu O‘zbekistondagi barcha onalarga qo‘yilgan haykal. Ushbu yodgorlik butun xalqimiz uchun qutlug‘ ziyoratgohga, oila, muhabbat, vafo va sadoqat timsoliga aylanib qoladi. Bu yerga kelgan yoshlar millatimizning qonida bo‘lgan fazilatlarni anglab, ularni qadrlab yashashga intiladi”, – deydi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog