Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-fevral kuni BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi 46-sessiyasining yuqori darajadagi segmenti ishida ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Inson huquqlari boʻyicha kengash faoliyati butun dunyo boʻylab inson huquqlari himoyasini taʼminlashga qaratilgan BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri hisoblanadi.

Kengashga 47 ta davlat aʼzo. Oʻtgan yilning oktyabrida Oʻzbekiston 2021−2023-yillar davriga ushbu tuzilma aʼzosi etib ilk bor saylandi.

Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan kengashning navbatdagi yigʻilishi Jeneva shahrida videoanjuman shaklida oʻtkaziladi.

Yigʻilish kun tartibidan inson huquqlariga rioya etilishi va ularni himoya qilish, shu jumladan fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni taʼminlash bilan bogʻliq eng dolzarb masalalar oʻrin olgan. Shuningdek, Myanmadagi holat ham muhokama qilinadi. 1-fevral kuni Myanmada harbiylar hukumat rahbarlari hibsga olingani va mamlakatda bir yilga favqulodda holat joriy etilganini eʼlon qilgan edi.

Tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar Mishel Bachelet, qariyb 150 mamlakatdan davlat, hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari va yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev forumning birinchi kunida, uning yalpi qismida nutq soʻzlaydi. Davlat rahbari oʻz nutqida mamlakatda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari hamda Inson huquqlari boʻyicha kengash doirasidagi ishlarning asosiy vazifalariga batafsil toʻxtaladi.

Oʻzbekiston prezidenti nutqining toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiyasi mamlakatimizning markaziy telekanallarida ham amalga oshiriladi.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar