Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi ishida ishtirok etadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yetmish beshinchi yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etadi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bosh Assambleyaning markaziy tadbirlari jahonda vujudga kelgan epidemiologik vaziyat munosabati bilan BMT tarixida ilk bor videoanjuman shaklida boʻlib oʻtadi.

Shavkat Mirziyoyev sessiyaning yalpi qismida soʻzga chiqib, xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini taqdim etadi hamda Oʻzbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beradi.

Muhokamalarning asosiy mavzusini hisobga olib, koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish va kasallik tarqalishining salbiy oqibatlarini yengib oʻtish masalalariga toʻxtalib oʻtiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Shavkat Mirziyoyev 2017-yil sentabr oyida Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ham qator muhim taklif va fikr-mulohazalarini bayon etgan edi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog