Foto: Prezident axborot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Ashraf G‘ani bilan uchrashdi

15-iyul kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga kelgan Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda davlat rahbari axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, muzokaralarda mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash sohasidagi hamkorlikning istiqbollari koʻrib chiqilgan.

Ikki mamlakat yetakchilari afgʻon mojarosini harbiy yoʻl bilan hal qilishning imkoni yoʻqligini taʼkidlab, inklyuziv afgʻonlararo muzokaralar tez fursatda qayta tiklanishining tarafdori ekanliklarini qayd etdilar.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Afgʻonistonda barqaror tinchlikka erishilishiga faol koʻmaklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Taʼkidlanishicha, tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. “Pandemiyaga qaramay, joriy yilning besh oyi yakunlari boʻyicha oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 50 foizga ortdi. Oʻzbekistonda Afgʻoniston sarmoyasi ishtirokida 160 ta yangi korxona tashkil etildi”, — deya qoʻshimcha qilinadi xabarda.

“Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi bogʻliqlikni mustahkamlash barobarida Afgʻonistonning tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan qoʻshma transport va energetika infratuzilmasi loyihalarini barobarida Afgʻonistonning tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan qoʻshma transport va energetika infratuzilmasi loyihalarini, xususan, „Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar“ temir yoʻli va yangi „Surxon — Puli-Xumri“ elektr uzatish liniyasini barpo etish loyihalarini yana-da ilgari surish muhim ekani taʼkidlandi”, — deyiladi xabarda.

Qoʻshimcha qilinishicha, prezidentlar ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasida qatʼiy ekanliklarini qayd etdilar.

Latest from Blog