Foto: Interfax.uz

Shavkat Mirziyoyev Asakadagi avtomobil zavodi hech qachon Oʻzbekiston xalqiga foyda keltirmaganini aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-avgust tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chogʻida Asakadagi General Motors avtomobil zavodi faoliyati haqida gapirdi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.

Oʻz navbatida davlat rahbari avtomobil zavodi avval 35 foiz zarar bilan ishlaganini, xarajatlarning 35-40 foiz davlat hisobidan amalga oshirilganini taʼkidladi.

“Biror marta mahsulotini foyda bilan ishlab chiqarmagan. Agar hozirgidek raqobat boʻlib, zavodni keng okeanga qoʻyib yuborganimizda mashina soni koʻpayar, ham arzon, ham raqobatbardosh boʻlardi”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev bu zavod uchun barcha imkoniyatlar, jumladan, soliq imtiyozlari yaratilganiga qaramay, u hech qachon Oʻzbekiston xalqiga foyda keltirmaganini afsus bilan tan oldi.

“Eksportga yuborgan mashinamizni ichki bozorga nisbatan 30-40 foiz arzonroq qilib sotar edik. Chegaradan oʻtkazib qoʻyar edik-da, eksport qilyapmiz deb, gʻoʻddayar edik. U eksport emas, balo edi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning taʼkidlashicha, endi raqobat muhitini shakllantirish natijasida zavod oʻz faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqishi kerak boʻladi.

“Andijon mashina zavodi 3-4 yildan keyin bizga kerak ham emas. Nimaga desangiz, mana Toshkent viloyatida, Namanganda ochilyapti, Jizzaxda hech kim tasavvur qilmagan 2-3 ta zavod ochyapmiz. Shuning uchun biz Andijon zavodini koʻrsatganimizda ham faqat rasmini koʻrsatar edik, binosi chiroyli edi. Ichi (ishlab chiqarishi nazarda tutilmoqda — tahr.), iqtisodiyoti maʼqul emas edi”, — dedi davlat rahbari.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning aytishicha, bundan 5 yil oldin kim viloyatga kelgan boʻlsa, hokimiyatda GM avtomobil zavodidan boshqa koʻrsatadigan hech narsasi yoʻq edi. Viloyatda ish oʻrinlarini yaratishda faqat zavodga umid qilingan, lekin hozirda minglab odamlarni ish bilan taʼminlay oladigan tadbirkorlar bor.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistondagi bir qancha kompaniyalar 2021–2023-yillarda yengil avtomobillar, pikaplar, yuk mashinalari, mikroavtobuslar va boshqa yengil avtomobillarni ishlab chiqarish va yigʻishni oʻzlashtirishni maqsad qilgan. Prezident shuningdek, avtomobil ishlab chiqaruvchilar sonini koʻpaytirish rejalarini eʼlon qildi.

Xususan, 2021–2022-yillarda Jizzaxda 277 million dollarlik avtomobilsozlik sohasida uchta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu ADM Jizzaxda yengil avtomobillar ishlab chiqarishning ikkinchi bosqichi (hozirda Kia modellari sotilmoqda), Volkswagen tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishning ikkinchi bosqichi, shuningdek, mikroavtobuslar, tijorat va yuk mashinalarini yigʻish boʻyicha Auto Motors Asia loyihasi.

Latest from Blog