Shavkat Mirziyoev “Lukoyl” rahbarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-iyun kuni O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, Rossiyaning neft-gaz sohasidagi ushbu kompaniyasi bilan samarali hamkorlik izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Jahonning yetakchi neft-gaz korporatsiyalaridan biri bo‘lgan “Lukoyl” O‘zbekistonda istiqbolli konlarni qidirish va o‘zlashtirish, uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulotni ichki va tashqi bozorlarga sotish kabi qator yirik investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

Ayni paytda Ustyurt blokini geologik o‘rganish va Janubi-g‘arbiy Hisor neft-gazkondensat konini o‘zlashtirish ishlari hamkorlikda olib borilmoqda.

Qandim konlar guruhini tartibga keltirish va gazni qayta ishlaydigan zamonaviy majmuani barpo etish ishlari bajarilmoqda. Mazkur zavod yaqin istiqbolda yiliga 8 milliard kub metrdan ziyod tabiiy gazni qayta ishlab, xaridorgir gaz mahsulotlari ishlab chiqaradi.

Bundan tashqari “Havzak” va “Shodi” konlari o‘zlashtirilmoqda, Qo‘ng‘irot uchastkasida geologiya-qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Bugungi kunda “Lukoyl” kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda neft-gaz sohasidagi qo‘shma loyihalarga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 6,3 milliard dollarni tashkil etadi.

Uchrashuvda uzoq muddatli hamkorlikning amaldagi loyihalarini amalga oshirish va istiqbolli loyihalarni tayyorlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Qazib olinadigan tabiiy gazni chuqur qayta ishlashga doir yangi loyihalar, shuningdek, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.

Vagit Alekperov Prezident Shavkat Mirziyoyevga qabul va O‘zbekistonda “Lukoyl” kompaniyasi loyihalari qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi, neft-gaz sohasida keng ko‘lamli o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog