Foto: Wikimedia Commons

Shaharlarda transport tezligini pasaytirish to‘g‘risida petitsiya e’lon qilindi

Mening Fikrim jamoaviy murojaatlari portalida shaharlarda transport vositalarining maksimal tezligini cheklash toʻgʻrisida petitsiya eʼlon qilindi.

Murojaat muallifi Yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish orqali shaharlarda ruxsat etilgan maksimal tezlikni 50 km/soat, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar (maktablar, bolalar bogʻchalari, shifoxonalar va boshqalar) yaqinida 30 km/soatgacha cheklashni taklif qilmoqda.

Muallif Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining rasmiy maʼlumotlariga murojaat qiladi, unga koʻra, avtomobil 30 km/soat tezlikda himoyasiz (himoyalanmagan) yoʻl ishtirokchisiga urilganda, koʻp hollarda piyodalar omon qoladi, avtomobil tezligi 50 km/soatda esa, ularning aksariyati vafot etishi mumkin.

JSST piyodalar va transport vositalarining toʻqnashuvi natijasida oʻlimga olib keladigan jarohatlarni olish ehtimolini koʻrsatadigan quyidagi maʼlumotlarni keltiradi:

  • 60 km/soatda yuqori tezlikda oʻlim xavfi 95% ni tashkil qiladi;
  • 50 km/soat tezlikda oʻlim xavfi 80% gacha kamayadi;
  • 40 km/soat tezlikda oʻlim xavfi 38−40% boʻlishi mumkin;
  • 30 km/soat tezlikda oʻlim xavfi 10−13% gacha kamayadi.

“Boshqaruv paytida haydovchilar himoyalangan holda avtoulovda boʻlishadi va koʻplarida xavfsizlik kamarlari ham taqilgan boʻladi, avtohalokat paytida ular himoya qilinadi, piyodalar esa yoʻq”, — deyiladi petitsiyada.

Muallif “bizning koʻz oldimizda piyodalar tezligini oshirib yuborish oqibatida necha marta fojia boʻlganini” eslashni taklif qildi.

“Shuni unutmangki, shaharda piyodalarga qaraganda transport vositalari ancha kam. Hamma piyodalar ham yosh va sogʻlom emas. [Bundan tashqari,] transport vositasidan chiqqanda haydovchilar ham piyodalarga aylanishadi va ularning hayoti boshqalar kabi tahdidlarga duchor boʻladi”, — deya taʼkidladi muallif.

Oliy Majlis palatalariga yuborilgan jamoaviy murojaat kamida 10 ming ovozga ega boʻlishi kerak. Ushbu petitsiya boʻyicha ovoz berish muddati uch oy ichida yakunlanadi. Murojaatlarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish muddati 60 kundan oshmaydi.

Latest from Blog