“Setora” 13 yillik tanaffusdan so‘ng yana “Istiqlol”da

Afsonaviy “Setora” guruhi kelasi haftaning 18-19-noyabr kunlari “Istiqlol” San’at saroyida bo‘lib o‘tadigan “Afsonaviy Retro” gala-konsertida chiqish qiladi. Bu haqda “Korrespondent.uz”ga guruh ma’muri xabar qildi.

Foto: Ikhtiyor Rakhman / Korrespondent.uz

Trio oxirgi marta ushbu saroy sahnasida 13 yil avval, 2004-yildagi “Hayotim” nomli konserti bilan chiqish qilgan edi. 2006-yildan boshlab o‘zgargan “Se*Tanho” nomi bilan bir nechta taronalarni va “Number 1” albomini yaratdi.

Guruh a’zolari 2016-yilning oxirida OAVga afsonaviy guruhning sahnaga jiddiy qaytishayotgani haqida xabar qilgan edi. Yangilik e’lon qilinishiga qadar kuz oylarida O‘zbekistonga vaqtinchalikka kelgan Feruza Latipova guruhni tiklab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida kichik konsertlar uyushtirishdi.

AQShda istiqomat qilayotgan Feruza Latipova “Se*Tanho”ning 2017-yilning aprel oyida tashkillashtirgan Andijon, Namangan va Farg‘ona bo‘ylab gastrollarida ishtirok etolmadi. Ayni vaqtda jozibali vokal ovoz sohibasi AQShdan turib bir nechta qo‘shiqlarni taqdim etdi.

Kamilla va Laylo 19-20-21-may kunlari “Turkiston” saroyining yozgi maydonida retro qo‘shiqlari bilan sahnada Tohir Sodiqov, Ravshan Sobirov, DJ Piligrim hamda “Sahar” guruhlari bilan chiqish qilishdi.

May oylarida Feruza, Kamilla va Laylo “Setora Tanho” yangi nomi ostida “Rahmonim” qo‘shig‘ini qayta yozdi va unga klip suratga oldi. Klipda guruh a’zosi Feruza Latipovani uchratmaysiz.

“Rahmonim” taronasi yoz faslida yangi “Setora Tanho” nomi ostida taqdim etildi. “Istiqlol” sahnasida tashkillashtirilayotgan gala-konsert reklamalarida esa qizlar o‘zlarining ilk “Setora” nomi bilan e’lon qilindi.

Bir nechta nashrlarga bergan intervyularida guruh a’zolari Feruza Latipovaning hamisha “Setora”ning to‘laqonli a’zosi ekanligini ta’kidlashdi. Ayni vaqtda Feruza Latipova o‘z  oilasi bilan AQShda istiqomat qilmoqda.

13 yil avval “Setora” nomi bilan oxirgi marta “Istiqlol” sahnasida chiqish qilgan guruh yana o‘sha nomi bilan Kamilla va Laylo juftligida katta sahnaga qaytmoqda.

Guruh ma’muri bilan quyidagi raqam orqali bog‘lanish mumkin: +99894 6140440

Latest from Blog