Senatorlar “nogiron” soʻzi oʻrniga “nogironligi boʻlgan shaxs” atamasidan foydalanishni nazarda tutuvchi Qonunni maʼqulladi

Senatning yettinchi yalpi majlis kun tartibidagi birinchi masala – “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 700 mingdan ortiq nogironligi boʻlgan shaxslar, shu jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar istiqomat qilmoqda.

BMTning “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyasining xalqaro standartlari va talablarini, shuningdek, “nogiron” soʻzi oʻrniga “nogironligi boʻlgan shaxs” atamasidan foydalanishni nazarda tutuvchi “Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun mamlakatimizning yuqoridagi toifaga mansub vakillarining huquq va manfaatlarini ifodalashga xizmat qiladi.

“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi, hozirda amalda boʻlgan qonun hujjatlariga solishtirganda bu toifa hamyurtlarimizga qator yangi imtiyozlardan foydalanish imkonini yaratmoqda.

Qonun kuchga kirishi bilan tibbiy tekshiruv komissiyalari faoliyati takomillashadi, murojaat qiluvchi 10 ish kunida xulosani oladi.

Tibbiy tekshiruvlar bepul amalga oshiriladi. Nogironligi boʻlgan shaxslar ambulator va statsionar rejimida imtiyozli davolanadi. Protez-ortopediya anjomlariga boʻlgan ehtiyojlari qondiriladi.

Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun binolarga kirib-chiqish uchun maxsus yoʻlakchalar, panduslar, jamoat transportida maxsus oʻrindiqlar, tushib-chiqish uchun bekatlarda ularga sharoitlar yaratiladi. Ular uchun taʼlim olishning barcha bosqichlarida qulayliklar koʻzda tutiladi. Kasb-hunarga oʻrgatish, kollej va texnikumlarda taʼlim olishlari davlat hisobidan taʼminlanadi. Oliy taʼlimda jami kontingentning 2 foizi miqdorida davlat granti ajratiladi.

Mahalliy hokimliklar nogironligi boʻlgan shaxslar uy-joy sharoitini yaxshilashga masʼul boʻladi. Nikoh tuzish va oila qurish, bolalarni farzandlikka olish, bolalarni tarbiyalashga doir majburiyatlarni bajarishi chogʻida yordam olish, shu jumladan, uyida va yashash joyida xizmatlar koʻrsatilishi huquqi taʼminlanadi.

Davlat nogironligi boʻlgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi hamda ularni qoʻllab-quvvatlaydi.

Ushbu Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog