Foto: Senat matbuot xizmati

Senat shu hafta davlat tili va vijdon erkinligiga oid qonunlarni ko‘rib chiqadi

/

21-iyun kuni Senat kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni Senat raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Majlisda Senatning 16-yalpi majlisini 2021-yil 25-iyun kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Bu haqda rasmiy relizda aytilgan.

Yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan. Senatning davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish, Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisidagi masalalar shular jumlasidan.

Bundan tashqari, “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon, Ohangaron, Bekobod, Boʻstonliq, Boʻka, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Qibray, Parkent, Piskent, Oʻrta Chirchiq, Yangiyoʻl tumanlari va Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyoʻl, Bekobod shaharlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, qon donorligi sohasini rivojlantirish yuzasidan koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida, oqava suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof-muhit hamda aholi salomatligiga taʼsiri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborish haqidagi masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga koʻmaklashish maqsadiga erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari va boshqa masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Senat hamda Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish boʻyicha Respublika komissiyasi tomonidan mahallardagi holat, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash va sohaga oid belgilangan chora-tadbirlarning ijro etilishi boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganish natijalari koʻrib chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Latest from Blog