Oliy Majlis Senati shanba kuni boʻlib oʻtgan 17-yalpi majlisda qonunchilikka aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritishni maʼqulladi. Hujjat prezident tomonidan imzolanganidan soʻng qonuniy kuchga kiradi.

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonunda Oʻzbekiston bosh davlat sanitariya vrachi sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar doirasida profilaktik emlashlar oʻtkazishni joriy etishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunda fuqaro yoki uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning toʻxtatilishini talab qilish huquqiga ega ekanligi belgilangan (atrofdagilar uchun xavfli kasallikka chalingan shaxslarga mazkur roziliksiz tibbiy yordam koʻrsatilishi bundan mustasno).

Biroq ushbu Qonunda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda aholini profilaktik emlashdan oʻtkazish joriy etilishi mumkinligi yuzasidan norma mavjud emas.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda profilaktik emlashdan bosh tortgan shaxslarga nisbatan cheklov choralari nazarda

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi zarur oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritishni koʻzda tutgan qonun loyihasini ishlab chiqib, qabul qildi.

Senatorlar ham “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonun va Mehnat kodeksiga oʻzgartishlar kiritishni maʼqulladilar.

«Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida«gi Qonunning 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda Oʻzbekiston bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan oʻtkazish joriy etilishi mumkinligi toʻgʻrisida aniq norma kiritilmoqda.

Mehnat kodeksining 113-moddasida xodim yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda joriy etiladigan profilaktik emlashdan oʻtishni rad etgan taqdirda (sogʻligʻining holatiga koʻra qarshi koʻrsatma mavjud boʻlmaganda) ish beruvchi uni ishga qoʻymaslikka haqli ekanligi nazarda tutilmoqda.

“Qonunning qabul qilinishi natijasida koronavirus infeksiyasining yangi toʻlqinlarining oldini olish uchun aholi oʻrtasida ommaviy vaksinatsiyani tashkil etishning qonuniy asoslari yana-da mustahkamlanadi hamda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda profilaktik emlash oʻtkazishni joriy etish yuzasidan amaldagi qonunchilikdagi mavjud ziddiyatlar bartaraf etiladi”, — deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston hukumati 1-noyabrga qadar aholining 70 foizini koronavirusga qarshi emlashni rejalashtirmoqda.