Foto: Sof.uz

Saylov kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda

Avvalroq qabul qilingan “Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilishi belgilandi.

Bundan tashqari, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilib, joylardagi okrug saylov komissiyasidan nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga koʻmaklashish vakolati chiqarib tashlandi va nomzodlarning aholi bilan saylovoldi uchrashuvlari hududiy siyosiy partiya tashkilotlari zimmasiga yuklatildi.

Shuningdek, 2019-yilgi saylov amaliyotidan kelib chiqib, chet davlatlarda boʻlib turgan fuqarolarni saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga yangi 271 –modda kiritildi. Ushbu modda bilan xorijda istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼiy nazar saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, shuningdek chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida koʻchma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratilmoqda.

Kuni kecha quyi palatada koʻrib chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻyicha maʼruzada taʼkidlanganidek, mazkur hujjat qonunchilikda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq kiritilgan boʻlib, Saylov kodeksining 11 ta moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda milliy qonunchilik tahlili asosida ishlab chiqilgan takliflar hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasining mamlakatimizda saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalari hisobga olingan.

Taklif etilayotgan oʻzgarishlarga koʻra:

  • saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar tuman (shahar) hokimliklarini kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda oʻtkazish;
  • saylovchilar partiyani yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyganda maʼlumotnomada identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini kiritish;
  • saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni faqat sud tomonidan koʻrib chiqish;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi 11-18 nafar aʼzodan iborat tarkibda tuzish taklif etilmoqda.

Latest from Blog