Sardoba suv ombori toshqinidan foyda ko‘rmoqchi bo‘lgan firibgar 3,5 yilga qamaldi

Sardoba suv ombori toshqinidan foyda ko‘rmoqchi bo‘lgan firibgarga sud hukmi o‘qildi, deb xabar beradi “Sirdaryo xabarlari” nashri.

Ma’lum bo‘lishicha, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlanib jazo o‘tayotgan M.P. Sardoba tumanidagi maktablarga evakuvatsiya qilingan fuqarolarga yordam berish uchun ko‘ngilli sifatida qo‘shilgan.

U 2020-yil iyul oyida evakuatsiya qilingan aholini nooziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bahonasi bilan o‘zini Sardoba tumani “Qizil yarimoy” jamiyati birinchi o‘rinbosari sifatida tanishtirgan. So‘ng ushbu jamiyat nomidan soxta talabnoma to‘ldirib, mahsulotlar saqlanadigan omborga taqdim qilgan va u yerdan 15 turdagi 15,154 million so‘mlik mahsulotlarni olib, bir necha fuqaroga sotib yuborgan.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida M.P. huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan ushlanib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zgatilgan.

Mazkur jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilib, ushbu shaxsga nisbatan 3,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida 2020-yil 1-may kuni ertalab to‘g‘on o‘pirilishi sodir bo‘ldi. Suv toshqini oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetdi. Binolar, yo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘ldi. Uchta tumandagi 22 ta qishloqdan 60 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.

Latest from Blog