Foto: UzReport

Sardoba suv ombori qayta quriladi. Bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingan

Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborini qayta tiklash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining yopiq (xizmat doirasida foydalanish uchun) qarori qabul qilingan. Bu haqda Qurilish vazirligining Loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nasrullo Boboyev “Daryo” bilan suhbatda ma’lum qildi.

Boboyevning so‘zlariga ko‘ra, qaror asosida juda katta hajmdagi muhandislik-qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda, xususan, laboratoriya tahlillari olinib, ilmiy-texnik asoslash maqsadida izlanishlar davom etyapti.

“Obyektning amaldagi holati dastlabki loyiha yechimlariga qanchalik muvofiqligi ham tekshirilmoqda. Bu o‘rganishlar ertaga shunday noxush holat yana takrorlanmasligi, shu kabi falokatlarning oldini olish uchun qilinmoqda”, — dedi vazirlik mas’uli.

Suv omborini qayta qurish bo‘yicha loyiha tashkiloti tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra obyektda tiklash ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Biroq mas’ul qurilish muddatlarini ochiqlay olmasligini bildirgan.

“Sababi — bu xizmat doirasida foydalanish uchun belgilangan hukumat qarori. Hukumat tomonidan grafik qilingan va mas’ul xodimlar belgilangan. Reja bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning biriktirilgan tashkilotlari o‘z ishini qilmoqda”, — dedi Boboyev.

Birinchi bosqichda to‘g‘on yon-bag‘irlarida hosil bo‘lgan yoriqlarni texnik nuqtayi nazardan bartaraf etish va qayta ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Bunda ularning suvni qabul qila olish qobiliyati va boshqa ilmiy-texnik izlanish natijalari o‘rganib chiqiladi.

“Xulosalar qabul qilinib, ilmiy-texnik izlanishlar yakunlangach, to‘g‘onni tiklash ishlari ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan”, — dedi Boboyev. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari boshchiligida omborning suv bosimiga bardoshlilik qobiliyati, unga aslida qancha miqdorda suv to‘ldirish mumkinligi ilmiy o‘rganilmoqda.

“Holat qo‘shni davlatlarga ham taalluqli bo‘lgani bois ilmiy o‘rganishlarga nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki chet el ilmiy-tadqiqot markazlari ham jalb qilingan. Bunda bir nechta mustaqil ekspertlar guruhi qilingan ishlar natijalarini tahlil qiladi va o‘z xulosalarini beradi. Shundan kelib chiqib, keyingi bosqich ishlari davom ettiriladi”, — dedi Boboyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil may oyida qilgan chiqishida “bu suv toshqini biz uchun achchiq saboq bo‘lgani”, shu sababli suv ombori masalasida xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda to‘g‘onning barcha dambalari chuqur ekspertizadan o‘tkazilishi, “faqat shundan keyingina yakuniy xulosa” chiqarilishini ta’kidlab o‘tgan edi.

“Bu yerga Fransiya, Turkiya, Rossiya, Osiyo mamlakatlaridan dunyoning eng zo‘r ekspertlari keladi. Ular shu falokatning oldini olish mumkinmidi, sababi nima degan masalalar bo‘yicha xolisona baho beradi. Ikkinchidan, kelajakda bu suv omboridan qanday foydalanamiz, bu balo yana takrorlanmasligi uchun qanday choralar ko‘rish kerak — buni sizlar bilan maslahat qilib, keyin tiklaymiz”, — deya qo‘shimcha qilgandi davlat rahbari sardobaliklar bilan muloqot vaqtida.

Latest from Blog