/

Samarqandda Turkiya bosh konsulxonasi ochildi

7-mart kuni Samarqandda Turkiya Respublikasining bosh konsulxonasi ochildi. Konsulxonaning ochilish marosimida ayni vaqtda Oʻzbekistonga tashrifini amalga oshirayotgan Turkiya TIV rahbari Mavlud Chovushoʻgʻli, Oʻzbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov, Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.

Oʻzbekiston TIV rahbari marosimda nutq soʻzlab, konsulxonaning ochilishining ikki davlat munosabatlaridagi muhim ahamiyati haqida gapirdi.

“Turkiya Samarqand shahrida oʻz Bosh konsulxonasini birinchilardan boʻlib ochmoqda. Ushbu voqea bir necha nuqtayi nazardan muhim ahamiyat kasb etadi.

Birinchidan, Turkiyaning Oʻzbekistonda ham elchixonasi, ham Bosh konsulxonasi mavjudligi ikki tomonlama munosabatlarimiz oʻziga xos yuqori pogʻonaga chiqqanidan dalolat beradi.

Ushbu diplomatik vakolatxona aynan 2021-yilda ochilishida ham alohida maʼno bor — bu Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga oʻziga xos ramziy tuhfa, deb oʻylayman.

Ikkinchidan, Turkiyaning Samarqanddagi Bosh konsulxonasi madaniy-gumanitar, turizm sohalarida hamkorlik va hududlararo aloqalar rivojlanishiga ijobiy turtki beradi.

2018-yilda ikki tomonlama munosabatlarimiz tarixida ilk marta “Istanbul-Samarqand” yoʻnalishida aviaparvozlar joriy etilgan edi. Pandemiya sababli qoʻyilgan cheklovlar doirasida vaqtincha toʻxtatilgan bu qatnov yaqin muddatlarda qaytadan ochiladi.

Turkiyada buyuk ajdodlarimiz Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek va boshqa ulamolarga boʻlgan qiziqish katta, bu qardosh mamlakatdan Samarqandga ziyorat bilan keladigan sayyohlar oqimi ortib bormoqda.

Uchinchidan, Samarqandda Turkiya sarmoyasi ishtirokida ochilayotgan kompaniyalarning soni tobora oshib bormoqda. Misol uchun, birgina Samarqand viloyatining oʻzida hozirgi kunda 100dan ziyod qoʻshma korxonalar roʻyxatdan oʻtgan.

Qoʻshni viloyatlar bilan hisoblaganda Turkiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan shirkatlarning soni 300dan koʻproq koʻrsatkichni tashkil etmoqda. Shu tufayli tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini rivojlantirish yoʻnalishida ham Bosh konsulxona muhim faoliyat koʻrsatadi”, degan vazir.

Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlar ikki davlat rahbarlari boshchiligida soʻnggi 4 yilda misli koʻrilmagan tarzda mustahkamlanib, sifat jihatidan mutlaqo yangi pogʻonaga — strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini qayd etgan.

“Bugungi kunda siyosiy-diplomatik, parlamentlararo, xavfsizlik, harbiy va harbiy-texnikaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalardagi koʻp qirrali hamkorligimiz jadallik bilan taraqqiy etmoqda.

Ishonchimiz komilki, Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri, aziz birodarim Mavlud Chovushoʻgʻli ishtirokida ochilgan goʻzal Samarqand shahridagi Bosh konsulxona bu jarayonni yana-da rivojlantirishda oʻziga xos hissa qoʻshadigan yangi institutlardan biriga aylanadi.

Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston rahbariyati va hukumati nomidan turkiyalik birodarlarimizni xorijdagi 250ta turk dipmissiyalari qatoridan Samarqanddagi Bosh konsulxona ham joy olgani bilan samimiy tabriklab, ularga yangi Bosh konsulxona faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman”, degan u.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog