Foto: Kun.uz

Samarqandda jurnalistga tahdid qilinishi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv boshlandi

Rossiyaga ketish istagidagi oʻnlab mehnat migrantlariga aviachiptalar sezilarli darajada qimmat narxda sotilayotganini oʻrganayotgan Kun.uz muxbiriga Samarqandda tahdid qilindi.

Nashrning maʼlum qilishicha, Rossiyadagi “Pik Industriya”, “Texnostroy” kabi qurilish tashkilotlari orqali Rossiyaga ishlashga borgan oʻzbekistonlik mehnat migrantlariga aviachiptalar 4,5 mln soʻmdan sotilgan. Vaholanki aviachiptalar bozordagi narxi bir tomonga 2,5 mln soʻm boʻlgan.

Chiptalarni Samarqand shahri, Gagarin koʻchasi, 47-uyda joylashgan, “Pik Industriya”, “Texnostroy” kabi tashkilotlarning shartnoma asosida Oʻzbekistondagi ishonchli vakili hisoblangan “Panorama bolalar uyi” MCHJ sotgan.

Shu bois, Kun.uz jurnalisti Anvar Mustafoqulov 19 mart kuni mavjud maʼlumotlarga aniqlik kiritish maqsadida ayrim savollar bilan firma idorasiga borgan.

Muxbirning aytishicha, dastlab, undan telefonni oʻchirib turishni, vaziyat boʻyicha gaplashib olishlarini bildirishgan, soʻngra turli haqoratli soʻzlar bilan haqoratlab, oʻldirish bilan tahdid qilishgan va kuch ishlatishga urinishlar boʻlgan. Vaziyat jiddiyligi oydinlashgach, muxbir u yerdan qochib chiqishga muvaffaq boʻlgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati mazkur holat yuzasidan bayonot berdi. Qayd etilishicha, jurnalist viloyat IIB boshligʻi nomiga ariza bilan murojaat qilib, ularga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Hozirda ariza yuzasidan, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Natijasi boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.

Latest from Blog