Foto: UzA

“Samarqand” xalqaro aeroporti vaqtincha yopilmoqda

/

20-oktyabrdan 20-noyabrgacha “Samarqand” xalqaro aeroportida yangi aerodrom majmuasini ishga tushirishga tayyorgarlik koʻrish munosabati bilan parvozlarni vaqtincha toʻxtatadi. Bu haqda Uzbekistan Airports axborot xizmati xabar berdi.

Barcha qatnovlar respublikaning boshqa xalqaro aeroportlari — Navoiy, Buxoro, Qarshiga yoʻnaltiriladi, bu yerdan yoʻlovchilar uchun Samarqandga yer usti transferi tashkil etiladi.

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda uzunligi 3105 metr, kengligi 60 metr boʻlgan yangi uchish-qoʻnish yoʻlagining qurilish ishlari toʻliq yakunlangan. Bir oy ichida burilish yoʻllarini yangi uchish -qoʻnish yoʻlagi va perron bilan bogʻlash boʻyicha ishlar olib borilishi kutilmoqda.

Samarqandda yangi aerodrom majmuasi qurilishi 2022-yilda boʻlib oʻtadigan SHHT sammitiga tayyorgarlik koʻrish ishlari doirasida olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, sentyabr oyida Uzbekistan Airports va Air Marakanda kompaniyalari “Samarqand” xalqaro aeroportini DXSH asosida modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi doirasida oʻzaro bitim imzolagan edi.

Latest from Blog