Samarqand viloyatida yosh yigitni tengdoshlari kaltaklab o‘ldirdi

Kattaqo‘rg‘onda yosh yigit kaltaklab o‘ldirildi, deb xabar tarqatdi viloyatdagi mahalliy nashrlardan biri «Zarafshon» gazetasi.

Foto: Hdtelecom.ru

Kattaqo‘rg‘on shahrida yuz bergan beboshlik ortidan sodir etilgan jinoyat bir yosh yigitning o‘limi bilan yakun topdi, deyiladi xabarda.

Ushbu janjal dastlab Kattaqo‘rg‘on shahar Ingichka qo‘rg‘onida tashkil etilgan arqon tortish musobaqasida boshlangan. Tortishuv musobaqa yakun topgandan keyin ham davom etib, yoshlar guruhbozlik qilib, bir-biri bilan «hisob-kitob» qilishni o‘zlariga ma’qul ko‘rishgan.

R.Tursunov va A.Bobomurodov musobaqaning ertasiga D.Kenjayev va M.Abdunabiyevlarni avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi yonida haqoratlab, ularga tan jarohati yetkazishadi. Shu bilan janjal yakuniga yetmaydi. Jabrdiydalar qasos olish uchun yoniga o‘rtoqlarini to‘playdi. M.Abdunabiyev, J.Jumayev va F.Maxmadraimov bir guruh bo‘lib, A.Bobomurodovni do‘pposlaydi. Voqeaga guvoh bo‘lgan B.Berdirahmonov A.Bobomurodovni tanib, unga yordam berishga oshiqadi va u ham jahl otidagi kimsalar mushtidan benasib qolmaydi.

Mushtlashuv natijasida A.Bobomurodov hushini yo‘qotadi. Unga yordam bermoqchi bo‘lgan janjal ishtirokchilarining harakati besamar ketadi. Shifoxonaga olib borilgan A.Bobomurodov tan jarohatlari tufayli vafot etadi.

Voqea joyida olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari va guvohlar ko‘rsatmasi jinoyatga qo‘l urgan kimsalarning aybini tasdiqladi.

Sudning qora kursisida o‘tirgan, yoshlik zavqini zaharga aylantirgan yoshlar qilmishidan pushaymon bo‘ldi. Lekin endi kech, o‘z ayblariga iqror bo‘lishdi. Sud ularga nisbatan qonuniy jazo tayinladi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyatida 2015-2016-yillarda umumiy jinoyatchilikning keskin kamayishiga erishilmagan. Jumladan, badanga qasddan og‘ir shikast yetkazish 8 foizga, o‘g‘irlik 18 foizga, firibgarlik 23,4 foizga oshgan. Joriy yilning birinchi yarmida umumiy jinoyatlar soni 1,8 foizga ko‘paygan. Qasddan odam o‘ldirish jinoyati 13 taga keskin ortib, 43 tani tashkil qilgan.

Latest from Blog