Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Ukrainaning Oʻzbekistondagi elchisi Nikolay Doroshenko bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Ukraina aloqalarining mustahkamlanib borayotgani ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qilayotgani taʼkidlangan. Shuningdek, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda viloyatda IT Park tashkil etish, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik va boshqa bir qator sohalar boʻyicha birgalikda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan loyihalar muhokama etilgan.
Nikolay Doroshenko Samarqand bilan oʻzaro birodarlashgan Lvov viloyati rahbari Maksim Koziskiyning viloyati vakillari, Samarqand shahri hokimiga Lvovga taklif etilgan taklifnomasini topshirgan.
Uchrashuvda Samarqand va Lvov shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalasi ham muhokama etilgan.
“Tomonlar tez fursatda ukrainalik ishlab chiqaruvchilar va ishbilarmonlar ishtirokida onlayn rejimda samarqandlik tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etish hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar”, — deyiladi xabarda.