Foto: UNFPA

Samarqand shahrida gender zoʻravonlikni sodir etgan shaxslar bilan ishlash boʻyicha sinov trening boʻlib oʻtadi

/

8-10-iyun kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik Jamgʻarmasi (UNFPA) bilan hamkorlikda “Gender zoʻravonlikni sodir etgan shaxslar bilan ishlash” mavzusidagi uch kunlik trening Samarqand shahrida oʻtkaziladi.

Trening ishtirokchilari toʻrt guruhdan iborat boʻlib, Samarqand shahri, Samarqand va Bulungʻur tuman pilot mahallalaridan gender zoʻravonlikka qarshi idoralararo xizmat koʻrsatishda ishtirok etuvchi davlat va nodavlat tashkilotlari va muassasalari vakillari, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish, sogʻliqni saqlash, hamda ijtimoiy va psixologik xizmatlar guruhlari. Ushbu loyiha Buyuk Britaniya hukumatining koʻmagida amalga oshiriladi.

Trening vazifalari quyidagilardan iborat: xizmat koʻrsatuvchilarga gender tengligini taʼminlash va gender zoʻravonlikka qarshi kurashishning milliy meʼyoriy-huquqiy asoslari haqida ishtirokchilarga maʼlumot berish, “tajovuzkor xulq” tushunchalarini, munosabatlarda tajovuzkor xulqning sabablari, shuningdek, tajovuzkorlik muammosining psixologik va ijtimoiy-huquqiy jihatlarini, zoʻravonlikni takrorlanishini oldini olish uchun zarur chora-tadbirlarni, zoʻravonlik sodir etgan shaxslar bilan ishlashni tashkil etish boʻyicha idoralararo hamkorlik mexanizmini muhokama qilib, tavsiyalar ishlab chiqish.

Shu jumladan, gender zoʻravonlik holatlarini hujjatlashtirish va tajovuzkor bilan ishlash uchun axborot bazasini yaratish mexanizmi bilan tanishish va muhokama qilish, Samarqand viloyatining tanlangan mahallalarida sinov sifatida tatbiq qilish maqsadida xizmat koʻrsatuvchilari uchun zoʻravonlik sodir qilgan shaxslarning xatti-harakatini tuzatish boʻyicha namunaviy dasturlar bilan tanishtirish.

Treningda ishtirok etadigan asosiy maqsadli guruhlar — Samarqand viloyati, Samarqand shahri, hamda sinov hududlaridagi huquqbuzarlik profilaktika inspektorlari, xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha inspektorlari, MFY raislari, xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha MFY rais oʻrinbosarlari, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash viloyat boshqarmalarining vakillari, hududiy reabilitatsiya markazlar psixologlari, sinov hududlarida joylashgan maktab psixologlari, tuman va viloyat xalq taʼlimi boʻlimlarining psixologlar bilan ishlash boʻyicha uslubchilari, joylardagi xotin-qizlar va oilalar bilan ishlaydigan NNTlarning psixologlari, oilaviy shifokorlar, tuman psixiatrlari va sud-tibbiy ekspertlar, bandlikka koʻmaklashish markazlar vakillari, Yoshlar ishlari boʻyicha agentligi vakillari qatnashadilar.

Ma’lumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya tavsiyasiga asosan YUNFPAning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida va Buyuk Britaniya hukumatining koʻmagida 2020-yilning sentyabr-oktyabr oylarida tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarimiz uchun tezkor va sifatli yordam koʻrsatish maqsadida standart operatsion ish tartiblari (SOT) loyihalarini amalga oshirish boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar vakillari uchun birinchi bosqich onlayn-treninglar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Latest from Blog