Samarada qolayotgan oʻzbekistonliklarni olib kelish uchun avtobuslar yuborildi

Respublika maxsus komissiyasi, Transport vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, DXX Chegara qoʻshinlari, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekistonning Qozogʻiston va Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalarining saʼyi-harakatlari bilan ayni damda Oʻzbekistonga qaytish istagida boʻlgan Rossiya Federatsiyasining Qozogʻiston bilan chegara oldi hududi Samara viloyatida toʻplanib qolgan fuqarolarni vatanga olib kelish maqsadida maxsus avtobus qatnovi tashkil etilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Transport vazirligi

Mazkur avtobus qatnovlari Transport vazirligi huzuridagi “Uzautotrans service” korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. 23-sentabr kuni 15 ta avtobusdan iborat ilk karvon Rossiyaning Samara viloyatiga yoʻlga chiqdi. Ushbu qatnov barcha sanitariya qoidalari va Qozogʻiston hamda Rossiya Federatsiyasi tomonidan qoʻyilgan talablarga qatʼiy amal qilgan holda bajarilmoqda.

Qatnovni bajarishga jalb etilgan 40 nafar haydovchilarning barchasi yoʻlga chiqishdan avval koronavirusga test topshirishdi. Laboratoriya tahlili natijalaridan soʻng ularga tegishli maʼlumotnoma berildi. Shundan soʻng, tashuvlar xavfsizligini taʼminlash va qatnov davomida nimalarga eʼtibor berish lozimligi yuzasidan yoʻriqnoma oʻtkazildi.

Rejaga muvofiq avtobuslar 25-sentabr kuni belgilangan manzilga yetib borishadi. Shu kunning oʻzida avtobuslar 700 dan ortiq yoʻlovchilarni olib Oʻzbekiston tomon yoʻlga chiqadi.

“Shu oʻrinda hozirda Rossiya Federatsiyasining turli hududlaridan Oʻzbekistonga qaytish istagida boʻlib turgan fuqarolardan ommaviy ravishda Rossiyaning Qozogʻiston bilan chegara oldi hududlariga toʻplanmasliklarini soʻrab qolamiz. Bu kabi holatlar hozirgi qaltis epidemiologik vaziyatning yana-da murakkablashuviga, kasallik yuqtirib olish xavfining ortib ketishiga va eng yomoni yurtdoshlarimizni vatanga olib kelish maqsadida katta qiyinchiliklar bilan amalga oshirilayotgan saʼyi-harakatlarning cheklanishiga sabab boʻlishi mumkin”, deyiladi vazirlik maʼlumotida.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog