Foto: O‘zA

Rustamjon Hamidov O‘zbekistonda “Yil imomi” bo‘ldi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi internet foydalanuvchilari bergan ovozlar asosida “Yil tanlovi – 2020” g‘oliblarini e’lon qildi va 10-mart kuni ularni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

Tanlov natijalariga ko‘ra, “Eng obod masjid” va “Yil imomi” yo‘nalishlari bo‘yicha eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar g‘olib deb topilgan.

2020-yilda O‘zbekistonning eng yaxshi imomi deya Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi “Oqqo‘rg‘on” jome masjidi imom-xatibi Rustamjon Hamidov e’tirof etildi. 2019-yilda Toshkent shahri “Dorussalom” jome masjidi imom-xatibi Muhammadrahim Abduqodirov, 2018-yilda esa Shayxontohurdagi “Oqilon” masjidi imom-xatibi Isomiddin Ahrorov O‘zbekistonda “Yil imomi” deb topilgan.

“Yil imomi” yo‘nalishida 2-o‘rin Toshkent shahar Olmazor tumanidagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Is’hoqjon Begmatovga nasib etdi.

Ushbu yo‘nalishdagi 3-o‘ringa Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Qo‘chqor ota” jome masjidi imom-xatibi Muhammadjon Soliyev loyiq topildi.

“Eng obod masjid” yo‘nalishida Nukus shahridagi “Imom Eshon Muhammad” jome masjidi 1-o‘rinni egalladi.

Bu yo‘nalishda 2-o‘ringa Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Oxun bobo” jome masjidi loyiq ko‘rildi.

Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Ramazon qori” jome masjidi 3-o‘ringa qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlarga tanlovning maxsus diplomi va statuetkalari hamda qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofotlari topshirilgan.

Latest from Blog