Ruslanbek Davletov adliya vaziri etib tayinlandi

Shavkat Mirziyoyev Ruslanbek Davletovni Oʻzbekiston adliya vaziri lavzimiga tayinladi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.

Foto: old.ygk.uz

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi PF-5153-son farmoniga muvofiq Ruslanbek Quroltayevich Davletov Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri lavozimiga tayinlandi”, — deyilgan prezident qarorida.

Ruslanbek Davletov bundan oldin Oʻzbekiston prezidentining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni muvofiqlashtirish boʻyicha Davlat maslaxatchisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Sobiq adliya vaziri Ikromov Muzraf Muborakxoʻjayevich Oʻzbekiston Hisob palatasi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqida prezident qarori 14-avgust kuni eʼlon qilingan edi.

Ruslanbek Quroltayevich Davletov 1980-yilda Xorazm viloyatida tugʻilgan. Maʼlumoti boʻyicha iqtisodchi va huquqshunos. 2001-yilda Buyuk Britaniyadagi Varvik universitetini yakunlagan. 2010-yilda Davlat va jamiyat boshqaruv akademiyasini yakunlagan.

Mehnat faoliyatini 2001-yilda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasida boshlagan. 2004-1012-yillarda Vazirlar Mahkamasida xalqaro shartnomalarni ekspertiza qilish boʻyicha bosh mutaxassis lavozimida ishlab kelgan. 2012-2014-yillarda Oliy sudda, 2014-2016-yillarda – Oliy Majlisda ishlagan.

Latest from Blog