Rossiyalik mutaxassislar Sardoba suv omborini tiklashda yordam beradi

Oʻzbekiston hukumati Sardoba suv omborini qayta tiklash loyihasiga Moskva davlat qurilish universtiteti mutaxassislarini jalb qildi.

Maʼlum qilinishicha, hozirgi kunda Sardoba suv omborini qayta tiklash boʻyicha juda katta hajmdagi muhandislik-qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda, xususan, laboratoriya tahlillari olinib, ilmiy-texnik asoslash maqsadida izlanishlar davom etyapti.

Obyektning amaldagi holati dastlabki loyiha yechimlariga qanchalik muvofiqligi ham tekshirilmoqda. Bu oʻrganishlar ertaga shunday noxush holat yana takrorlanmasligi va shu kabi falokatlarning oldini olish uchun qilinmoqda.

Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyevning soʻzlariga koʻra, hozirgi kunda suv omborida 230 mln m3 suv toʻplangan. U tez orada 350 mln m3 ga yetkaziladi va shu bilan oʻtgan yilgi toʻplangan suv hajmiga yetadi.

“Jumladan, suv omborining holati hamda yuzaga kelgan texnogen ofatning sabablarini oʻrganish yuzasidan, uning kelib chiqish holatlari qayta takrorlanishining oldini olish maqsadida xorijiy mutaxassislar (Moskva davlat Qurilish universtiteti) jalb qilinib, texnik yechimlar toʻliq oʻrganib chiqilmoqda”, – deyilgan Qurilish vazirligi xabarida.

Muhandislik-qidiruv ishlari boʻyicha esa “OʻzGASHKLITI” DUK tashkiloti tomonidan Rossiyaning mutaxassislari bilan birga oʻrganish ishlari olib borilmoqda.

Yuqoridagi tiklash ishlari yuzasidan “Gidroloyiha” AJ loyihachilari moskvalik mutaxassislar bilan kelishilgan holda loyiha ishlab chiqishgan. Bu loyiha yuzasidan davlat ekspertizasi tomonidan 12-fevral 2021-yil 4-E-sonli ekspert xulosasi berilgan.

Eslatib oʻtamiz, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir boʻlgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan edi. Hodisa oqibatida kamida 56 kishi turli darajada tan jarohati olgan, toshqin zonasida qolib ketgan yuzlab odamlar qutqarilgan. Shuningdek, 4 nafar fuqaro tabiiy ofat oqibatida halok boʻlgan, 1 nafari bedarak yoʻqolgan edi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog