Rossiya TIV: Oʻzbekistonda oʻzbek tilida ish yuritish tarafdorlari juda oz

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekistonda oʻzbek tilida ish yuritish tartibini buzgan mansabdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan ishlab chiqilgan qonun loyihasining tarafdorlari oz deb hisoblaydi.

Foto: Exo Kavkaza

Novosti agentligining 14-mayda bildirishicha, bu haqda tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Moskvada oʻtgan brifing paytida gapirgan.

“Biz mazkur qonun loyihasi yuzasidan matbuotda boshlangan bahs-munozaralarga eʼtibor qaratdik. Shunday tasavvur paydo boʻladiki, qonun loyihasi tarafdorlari ozchilikni tashkil qilmoqda. Koʻpchilik sharhlar rus tilining rasmiy doirada toʻliq ravishda qoʻllanilishi tarafdorlari koʻp ekanidan guvohlik bermoqda. Bu ikki tomonlama munosabatlarning tarixiy va zamonaviy ruhiga mos keladi. Eng muhimi bu Oʻzbekiston fuqarolarining manfaatiga ham mos keladi”, deb iqtibos keltiradi agentlik Mariya Zaxarova soʻzlaridan.

Zaxarova Oʻzbekiston iltimosi bilan Rossiya rus tilidagi toʻlaqonli oʻquv dasturlarini yaratish jarayonida ishtirok etayotganini bildirdi.

“Bu yerda gap Oʻzbekistonni oʻquv, metodik, badiiy adabiyot bilan taʼminlashni koʻpaytirish, qoʻshimcha ravishda rus tili markazlarini ochish, oʻqituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlariga rus tili boʻyicha ekspertlarni joʻnatish, oliygohlarda “Rus filologiyasi” yoʻnalishi boʻyicha oʻzbekistonlik abituriyentlarga beriladigan kvota miqdorini oshirish haqida bormoqda”, dedi Zaxarova.

Aprel oyida Adliya vazirligi “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 42-moddasiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqqan edi.

“Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”, deyiladi loyihada.

Konstitutsiyaning 4-moddasida Oʻzbekistonda davlat tili oʻzbek tili ekani belgilangan. “Davlat tili haqida”gi qonunning 9-moddasida esa davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritilishi va zarur boʻlgan hollarda boshqa tillarga tarjima qilinishi qayd etilgan.

Biroq qonunchilikda bu tartibga amal qilmaganlarni javobgarlikka tortish masalasi belgilanmagandi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog