Foto: Maxar Technologies / Reuters

Reuters: O‘zbekistondagi lagerda yashayotgan afg‘on uchuvchilari vatanga qaytishdan qo‘rqishmoqda

///

Oʻzbekistondagi lagerda boʻlib turgan hamda AQSH dasturlari doirasida oʻqitilgan afgʻon uchuvchilari va boshqa shaxslar vatanga qaytarib yuborilishlaridan qoʻrqmoqda, deb yozdi Reuters.

Gap qariyb uch hafta muqaddam Afgʻoniston havo kuchlarining vertolyot va samolyotlarida Oʻzbekistonga uchib oʻtgan afgʻon uchuvchilari haqida ketmoqda. 16-avgust kuni Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi 585 qurollangan afgʻon harbiylari boʻlgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot mamlakat havo hududini noqonuniy kesib oʻtgani haqida xabar berdi (keyinchalik xabar toʻliq tasdiqlanmagan deyildi). Oʻshanda kuzatib borish vaqtida Oʻzbekistonning MiG-29 va Afgʻonistonning Embraer 314 samolyotlari toʻqnashib ketgandi.

18-avgust kuni Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyatida chodirli shaharcha barpo etilgani va u yerga 100 nafardan ziyod afgʻonistonlik qochqin joylashtirilgani haqida xabar berdi. Bundan tashqari, 650 nafar harbiy xizmatchining kovid-markazga joylashtirilgani maʼlum qilindi.

Reuters reportajida qayd etilishicha, lager qoʻriqchilaridan biri: “Sizlar bu yerda abadiy qolib ketmaysizlar”, — deb hazillashgan. “Kutilmagan bu ogohlantirish lagerdagi bexavotirlik tuygʻusini yanada kuchaytirib yubordi”, — deydi afgʻon uchuvchilaridan biri.

agentlik maʼlumotlariga koʻra, afgʻon harbiy xizmatchilari qariyb uch haftadan buyon AQSH tomonidan evakuatsiya qilinishlarini sabrsizlik bilan kutishmoqda. “Bizni qaytarib yuborishsa, 100 foiz aminmanki, bizni oʻldirib yuborishadi”, — degan uchuvchilardan biri.

Uchuvchi Reuters bilan uyali telefon orqali suhbatda oʻzini “oʻzini erkin harakatlanishi qattiq cheklab qoʻyilgan, uzoq vaqt quyosh ostida qolayotgan, oziq-ovqat va dori-darmonlar yetarli boʻlmagan holatdagi mahbus” kabi his qilayotganini taʼkidlagan. Uning soʻzlariga koʻra, bu vaqt ichida baʼzilar ozib ketgan.

“Goʻyoki qamoqxonadamiz”, — degan uchuvchi lagerda taxminan 465 afgʻon borligini aytgan. “Bu yerda bizda erkinlik yoʻq”.

Avgust oyi oxirida Reuters tomonidan olingan sunʼiy yoʻldosh tasvirlarida lager atrofidagi baland devorlarni koʻrish mumkin, yashash uchun moʻljallangan bloklar avvalroq COVID-19 bemorlarini davolash uchun qoʻllanilgan. Lager Termiz shahri yaqinida joylashgan.

Agentlik, shuningdek, kovid-markazdan olingan fotosuratlarni ham eʼlon qildi, ularda ikki qavatli yotoqlar boʻlgan xonalar aks etgan. Uchuvchining soʻzlariga koʻra, mahalliy qoʻriqchilar qurollangan, ayrimlari — toʻpponchalar, boshqalari — yarim avtomat qurollar bilan.

Avgust oyi oxirida Amerikaning The Wall Street Journal nashri rasmiy manbalarga tayanib Oʻzbekiston hukumati AQSHni bir guruh yuqori malakali afgʻon uchuvchilari va ularning oilalarini mamlakatdan chiqarib yuborishga toʻgʻri kelayotganidan ogohlantirgani haqida yozgan edi. Gazeta buni “Tolibon” harakati talabi bilan bogʻliq ekanini qayd etdi.

Reuters AQSHning amaldagi va sobiq davlat xizmatchilari Amerika hukumatining afgʻonistonlik xodimlar va samolyotlarni Oʻzbekistondan evakuatsiya qilishdan bosh tortayotganini tanqid qilib, “Tolibon”ning Oʻzbekiston hukumatiga bosimi haqida ogohlantirmoqdalar.

Senatning Qurolli Kuchlar Qoʻmitasi raisi, demokrat senator Jek Rid Oʻzbekistondagi afgʻon uchuvchilarining ahvolidan qattiq xavotirda ekanini aytdi.

“Bu xodimlar xavfsizligi uchun ham, qimmatli texnik bilimlari va tayyorgarligi uchun ham „Tolibon” qoʻliga tushmasligi juda muhim”, — dedi u agentlikka.

AQSH Davlat departamenti vakilining Reuters agentligiga aytishicha, Qoʻshma Shtatlar bu masala boʻyicha saʼy-harakatlarni Oʻzbekiston bilan muvofiqlashtirmoqda va afgʻon shaxsiy tarkibi va aviatsiyasi xavfsizligi taʼminlangan. U Afgʻonistonning barcha qoʻshnilarini “afgʻonlarga qochqinlar taʼqibga uchrashi mumkin boʻlgan mamlakatlarga qaytishiga qarshi xalqaro qonunlarni xurmat qilish” chaqirdi.

Agentlik maʼlumotlariga koʻra, Afgʻonistonda toliblar hokimiyatga kelishidan oldin ham ularning asosiy maqsadi AQSHda oʻqigan ingliz tilida soʻzlashuvchi uchuvchilar boʻlgan. “Tolibon” jangarilari ularni kuzatib turgan va bazadan chiqqan uchuvchilarning bir nechtasini oʻldirishgan ham.

“Tolibon” deyarli butun Afgʻonistonni egallashidan oldingi soʻnggi kunlar va soatlarda baʼzi afgʻon uchuvchilari 46 ta samolyotda mamlakatdan chiqib ketishgan. Bu 160 ga yaqin samolyot parkining toʻrtdan biridan koʻprogʻidir.

Reuters afgʻon uchuvchisiga tayanib, 15 nafarga yaqin uchuvchi Embraer EMB 314 Super Tucano yengil shturmchilarini, 11 uchunvchi — UH-60 Black Hawk vertolyotlarini, 12 uchuvchi — MD-530 vertolyotlarini boshqargani, bundan tashqari, koʻp sonli Mi-17 vertolyotlari boʻlganini xabar qildi.

Lagerda oʻnlab uchuvchilardan tashqari, HHK va boshqa afgʻon xavfsizlik kuchlarining xizmat koʻrsatuvchi xodimlari borligi aytildi. Ayrimlar samolyotlarga oila aʼzolari bilan chiqishga muvaffaq boʻlgan.

“Tolibon” oʻzbek lageridagi afgʻonlarning ahvoliga izoh berish soʻroviga darhol javob bermadi, deyiladi agentlik xabarida. Biroq “Tolibon”ning yuqori martabali yetakchisi Kobul egallanganidan keyin Reuters bilan suhbatda ular uchuvchisiz uchish uskunlari va vertolyotlarni oʻgʻrilab ketishganini aytgan. Lekin u Afgʻoniston samolyotlarining Oʻzbekistondan qaytarilishiga ishonch bildirgan.

“Inshaalloh, qolgan samolyotlarimizni olamiz. [Hozir] ular Afgʻonistonda emas”, — dedi u.

“Tolibon”, shuningdek, sobiq harbiy xizmatchilarni, shu jumladan uchuvchilarni ham yangi xavfsizlik kuchlariga qoʻshilishga taklif qilishlarini aytgan. “Tolibon” “repressiv qotilliklar boʻlmaydi”, deya ishonch bildirgan.
Reuters uchuvchiga tayanib chorshanba kuni afgʻon xodimlaridan biometrik maʼlumotlarni olish uchun Oʻzbekistondagi chodirli shaharchaga AQSH hukumatining rasmiy vakili kelganini maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, amerikalik vakillarning paydo boʻlishi afgʻonlarning kayfiyatini birmuncha koʻtargan, biroq ularga yordam berish-berilmasligi hozircha nomaʼlum.

Avvalroq Financial Times Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Afgʻoniston qoʻshnilariga (Pokiston, shuningdek, taxminlarga koʻra Oʻzbekiston, Tojikiston va Eronga) qochqinlarni qabul qilish evaziga 600 mln yevro toʻlab berishni rejalashtirayotgani haqida xabar qilgan edi.

Latest from Blog