Foto: The National

Rasman: Hajga muayyan shart asosida ruxsat berilgani haqidagi xabarlar asossiz

Ijtimoiy tarmoqlarda “Muqaddas Haj Safariga rasman ruxsat berildi. Faqatgina haj safariga bormoqchi boʻlganlar koronavirusga vaksina qabul qilgan boʻlishlari shart” va boshqa shu kabi sarlavhalar ostida tarqatilayotgan xabarlar hech qanday rasmiy asosga ega emas.

Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning 10-mart kuni bildirishicha, Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish boʻyicha Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan hozirga qadar hech qanday rasmiy qaror eʼlon qilinmagan.

Koronavirusga qarshi emlanganlar Hajga borishi mumkin qabilidagi xabarlar esa Saudiya Arabistoni Sogʻliqni saqlash vazirining “Haj mavsumi ziyoratchilarini qabul qilishning asosiy sharti – “COVID-19” ga qarshi emlangani boʻladi”, mazmunidagi intervyusiga asoslangan.

Rasmiy bildiruvda taʼkidlanishicha, Din ishlari boʻyicha qoʻmita Saudiya Arabistoni rasmiylari hamda Haj va Umra ishlari boʻyicha Attashe bilan mazkur masalada muntazam aloqa oʻrnatgan. Ayni paytda Saudiya Arabistoni Haj ziyoratiga muayyan shartlar asosida ruxsat berilishi toʻgʻrisida rasman eʼlon qilmagan.

“Haj va umra ziyoratlari bilan bogʻliq asosli maʼlumotlar Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali eʼlon qilinadi”,-deyiladi bildiruvda.

Latest from Blog