Raqamli iqtisodiyot yilini kulgiga qo‘ygan internet

2020 yil – Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilingach, barchada “raqamli iqtisodiyot” nima degan savol tug‘ildi. Bu haqda OAVda ko‘plab materiallar e’lon qilindi, muhokama va bahslar bo‘ldi.

Raqamli iqtisodiyot tushunchasi quyidagicha tasniflanadi: raqamli iqtisodiyotni ko‘proq internet va butunjahon internet tarmog‘iga asoslangan bozorlar orqali biznes yuritish sifatida qabul qilsak ham, raqamli iqtisodiyot raqamli kompyuter texnologiyalarni nazarda tutadi. Bunda u odamlar, korxonalar, qurilmalar, ma’lumot va jarayonlar o‘rtasidagi milliardlab onlayn aloqalaridan kelib chiqadi.

1995-yilda amerikalik dasturchi Nikolas Negroponte “raqamli iqtisodiyot” terminini amaliyotga kiritdi. Hozirda bu istilohni butun dunyodagi siyosatchilar, iqtisodchilar, jurnalistlar, tadbirkorlar – deyarli barcha qo‘llamoqda.

Siz uydan chiqmay turib biror do‘kon yoki restorandan nimadir buyurtma qilishingiz – internet orqali xarid qilishingizdan tortib to soliq to‘lovchi sifatida shaxsiy ma’lumotlaringiz bitta onlayn bazaga to‘planishi raqamli iqtisodiyotni tashkil qiladi. Soliq to‘lovchi sifatida ma’lumotlar raqamlashishi shuni anglatadiki, bunda har bir soliq to‘lovchi haqidagi ma’lumotlar bir onlayn platformada jamlanadi va sizning barcha xarajatlaringiz va daromadlaringiz manbayi ochiq ko‘rinib turadi. Byurokratiya va inson omili yo‘qoladi, barchasi texnologiyalar yordamida amalga oshadi. Bu bir tomondan korrupsiyani kamaytirsa (xarajat va daromadlar manbayi ochiq ekan korrupsiya holatlarini aniqlash oson bo‘ladi), ikkinchi tomondan shaxsiy daxlsizlik yo‘qolishiga olib keladi (kiber-hujumlar, axborotlarni o‘g‘irlash va hokazo). Shunday bo‘lsa-da, rivojlangan davlatlar amaliyoti raqamli iqtisodiyot ularning rivojlanishiga hissa qo‘shganini ko‘rsatadi. Masalan, Norvegiya, Shvetsiya, Shvetsariya, AQSh, Buyuk Britaniya, Daniya, Finlandiya, Singapur, Janubiy Koreya, Gongkong – raqamli iqtisodiyot bo‘yicha top-10 mamlakatga kiradi.

O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot

Raqamli iqtisodiyot – bu noldan boshlab yaratilishi lozim bo‘lgan qandaydir boshqacha iqtisodiyot emas. Bu yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellar yaratish va ularni kundalik hayotga joriy etish orqali mavjud iqtisodiyotni yangicha tizimga ko‘chirish deganidir. Аslida, hammamiz allaqachon raqamli iqtisodiyot ichidamiz, uning qulayliklaridan foydalanamiz. Masalan, oyliklarimiz plastik kartalarga tushadi, elektron to‘lov orqali kommunal xizmatlar, telefon, internet va boshqa mahsulot va xizmatlarga to‘lov qilamiz, elektron tarzda soliq deklaratsiyasi topshiramiz, kartadan kartaga pul uzatamiz, uyga taom buyurtma qilamiz va hokazo.

Raqamli iqtisodiyot belgilari:

– yuqori darajada avtomatlashtirilganlik;

– elektron hujjat almashinuvi;

– buxgalterlik va boshqaruv tizimlarining elektron integratsiyalashuvi;

– maʼlumotlar elektron bazalari;

– CRM (mijozlar bilan o‘zaro munosabat tizimi) mavjudligi;

– korporativ tarmoqlar.

Qulayliklari:

– To‘lovlar uchun xarajatlar kamayadi (masalan, bankka borish uchun yo‘lkkira va boshqa resurslar tejaladi).

– Tovarlar va xizmatlar haqida ko‘proq va tezroq maʼlumot olinadi.

–  Raqamli dunyodagi tovar va xizmatlarning jahon bozoriga chiqish imkoniyatlari katta.

-Fidbek (isteʼmolchi fikri)ni tez olish hisobiga tovar va xizmatlar jadal takomillashtiriladi.

– Tezroq, sifatliroq, qulayroq.

Iqtisod fanlari doktori, professor Barnogul Sanoqulova “raqamli iqtisodiyotga o‘tish uchun ikkita muhim omil zaruriydir”,- deydi. “Birinchisi, materialniy tayyorgarlik – ya’ni raqamli iqtisodiyotni yo‘lga qo‘yish uchun zaruriy resurs bo‘lmish tezkor internetning mavjudligi, odamlarda 24/7 rejimda elektr toki va gaz bo‘lishi. Ikkinchi omil- odamlarning ruhiy tayyorligi. Odamlar o֪‘z ma’lumotlarining ochiq bo‘lishiga ruhan tayyormi, yangilikka moslashuvchanlik qay darajadaligi muhim hisoblanadi”.

Albatta, bular qatoriga odamlarning kompyuter savodxonligi, axborot texnologiyalaridan foydalana olishi va aloqa vositalarining mavjudligi ham kiradi.

Mana raqamli iqtisodiyot va ilm-ma’rifat yilining 4/3 qismi o‘tib ketdi, biroq hamon internet tezligi haqidagi bahslar tugamadi. Ayniqsa, O‘zbekistonga ham kirib kelgan pandemiya raqamli iqtisodiyotga qanchalik muhtojligimizni ko‘rsatdi. Karantin davrida onlayn ishlash, o‘qish, onlayn buyurtmalar – bularning barchasi birlamchi resurs – internetning sifatli bo‘lishini talab qildi. Butun dunyo masofaviy ta’lim sifati pastligini va kelajakni barbod qilishini tan olgan bir paytda O‘zbekistonda talabalar onlayn ta’limning sifatsizligidan va internet tezligining pastligi yo‘q sifatni ham minusga tushirganidan ko‘p shikoyat qildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi internet tezligini oshirish bo‘yicha bergan katta-katta va’dalariga qaramay, Speedtest Global index reytinggida mobil aloqa internet tezligi jahon reytinggida O‘zbekiston 139 mamlakat ichidan 125-o‘rinni egallab turibdi. Hattoki Afrikaning qoloq Tanzaniya davlatidan ham bir pog‘ona pastda turganimizning o‘zi ko‘p narsani angalatdi.

AKT vazirligi o‘zi taqdim etgan ma’lumotlarga qaraganda, aholining 78 foizi internet bilan ta’minlangan. 28 foiz aholini istisno qilib va internet bilan ta’minlangan 78 foiz aholini ham sifatli internet bilan ta’minlamasdan biz raqamli iqtisodga to‘liq va mukammal tarzda o‘ta olmaymiz.

Xulosa qilib aytganda, raqamli iqtisodiyotga talabni  keskin oshirgan pandemiya tufayli bu borada hamon oqsoqlanib borayotganimizni anglasa bo‘ladi yoxud raqamli iqtisodiyot yilini internet sifati yaxshigina masxaraladi desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog