Foto: Interfax.uz

Qurbon hayiti namozi ado etilmaydi, juma namozlari ham vaqtinchalik oʻqilmaydigan boʻldi

/

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi 2021-yilda Oʻzbekistonda Qurbon hayiti namozi oʻqilishi boʻyicha fatvosini eʼlon qildi.

“Qurbon hayiti namozida katta jamoat bir joyda jamlanishini inobatga olib, pandemiya yana-da avj olmasligi, vabo oqibatlarini yumshatish maqsadida shu kuni iyd namozi ado etilmaydi, oʻrniga uyda Zuho namozini oʻqish tavsiya etiladi”, — deyiladi fatvoda.

Shuningdek, yuqoridagi sabablarga koʻra juma namozlari ham vaqtincha oʻqilmaydigan boʻldi. Boshqa namozlar barcha karantin talablariga rioya qilgan, yaʼni niqob taqqan va oraliq masofani saqlagan holda, masjidlarning ochiq sahnlarida ado etiladi. Masjidlarda qoʻl berib yoki quchoqlashib koʻrishish qatʼiyan taʼqiqlanadi.

Fatvoga koʻra, isitma, yoʻtal kabi kasallik alomatlarini oʻzida his qilganlar, keksalar va kichik yoshdagi bolalarga jamoat namozlarida ishtirok etish tavsiya etilmaydi.

Yoshi ulugʻ keksalar va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlar bilan bogʻliq anʼanalarni aloqa vositalari orqali amalga oshirib turish tavsiya etildi.

Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida, xonadonlarda oʻqiladi. Marhumlarning haqlariga qilinadigan duoi fotihalarni qatʼiy ravishda yurtdoshlarimiz oʻz xonadonlarida, oila davrasida bajarsinlar, fotihagarchiliklarga borishdan hamda oʻtganlarning qabrlarini ziyorat qilishdan saqlanib tursinlar.

Moʻmin-musulmonlar imkon qadar kasallikning tarqalishini oldini olish maqsadida qurbonlik goʻshti ehsonlarini tarqatishda karantin talablariga qatʼiy rioya etsinlar. Xayriya va ehson tadbirlarini “Vaqf” jamgʻarmasi orqali yoki bevosita amalga oshirish tavsiya etiladi.

“Pandemiya vaziyatida oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarning narxini oshirish, bozorlar va doʻkonlarda sunʼiy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi oʻrtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish sharʼan haromdir”, — deyiladi fatvoda.

Bundan tashqari, vaksina olmaslik, uning tarkibi toʻgʻrisida boʻlmagʻur gaplarni tarqatish durust emasligi taʼkidlandi.

Latest from Blog