Foto: Sputnik

Qozog‘istonning ayrim hududlarida 1-martdan boshlab karantin cheklovlari yumshatiladi. O‘zbekistonga aviaparvozlar ko‘paytiriladi

Qozog‘iston hukumati koronavirus tarqalishi uchun qulay epidemik vaziyatga ega bo‘lgan respublikaning qator mintaqalarida karantin cheklovlarini 1-martdan yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda 24-fevral, chorshanba kuni idoralararo komissiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha hukumat matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Koronavirus tarqalishi bo‘yicha yetti kun ketma ket ‘yashil hudud’ bo‘lib qolgan mintaqalarda 1-martdan boshlab joriy qilingan cheklovlar yumshatiladi. Bunda sirk, bilyard klublari, bolalar ko‘ngilochar markazlari (binoning band bo‘lishi 30 foizdan oshmaslik sharti bilan), sport tadbirlari (30 foizlik cheklov bilan), juma namozi (30 foizlik cheklov bilan) va marakalarga (30 foizlik cheklov bilan, 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda) ruxsat beriladi”, — deyiladi xabarda.

Mamlakatning yetti kun davomida “sariq” hudud bo‘lgan mintaqalarida yakshanba kunlari yopiq binodagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat bozorlari, savdo hamda ko‘ngilochar markazlari, savdo uylari va tarmoqlari ishlashiga ruxsat beriladi.

Shuningdek, komissiya Turkiya (to‘rtta reysga), O‘zbekiston (to‘rtta reysga), Qirg‘iziston (ikkita reysga) va Ukraina (bitta reysga) bilan xalqaro aviaparvozlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha taklifni ma’qulladi.

Bundan tashqari, 1-martdan boshlab maktab o‘quvchilarining birinchi sinfdan beshinchi sinfgacha, xalqaro maktablarda — birinchi sinfdan yettinchi sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarini birlashtirishga ruxsat berishga qaror qilindi. Mang‘istov, Kostanay, Jambil viloyatlari bundan mustasno. Monitoring tekshiruvi natijalariga ko‘ra, yuqoridagi hududlarda eng ko‘p sanitariya rejimining buzilishi qayd etilgan.

Qozog‘istonning bosh davlat sanitariya shifokori Yerlan Kiyasov 24-fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda respublikada epidemik vaziyat optimistik ssenariy bo‘yicha rivojlanib borayotganini aytdi. Shuningdek, u ilgari pessimistik prognozlarga ko‘ra, COVID-19 bilan kasallanishning eng yuqori darajasi mart oyining oxiri va aprel oyining boshlarida kutilganini esladi.

“Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, biz ilgari belgilangan ushbu ‘cho‘qqini’ chetlab o‘tamiz, deb taxmin qilishimiz mumkin”, — dedi Kiyasov.

Latest from Blog