Qozogʻistondan Oʻzbekistonga avtobuslar qatnovi kuzda ishga tushiriladi

2017 yilning kuzida Qozogʻiston Oʻzbekistonga muntazam ravishda avtobuslar qatnovini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan. Bu haqda Qozogʻistonning Investitsiyalar va rivojlanish vaziri Jenis Qosimbek majlis yigʻilishida xabar qilgan, deb yozadi “Podrobno“.

Foto: Podrobno

“Ikki mamlakat oʻrtasida avtobuslar qatnamay qoʻyganiga ancha vaqt boʻldi. Bugungi ahvol quyidagicha, yoʻlovchilar Oʻzbekiston chegarasigacha mashinada borib, chegarani piyoda kesib oʻtib, Oʻzbekiston tomonda muntazam reyslarga oʻtirishmoqda. Bugun biz temir yoʻl va avtomobil reyslarini ochganmiz. Kuzga kelib muntazam ravishda qatnaydigan avtobus reyslarini ham ochishni rejalashtiryapmiz”, — degan vazir.

Jenis Qosimbek, shuningdek, bu ishni amalga oshirish uchun “bu yil infratuzilmani toʻlaligicha talabga javob beradigan holatga keltirish lozimligi”ni taʼkidlagan.

Eslatib oʻtamiz, Investitsiyalar va rivojlanish vazirligi rahbari deputatlarga ikki Qozogʻiston va Oʻzbekiston chegarasini kesib oʻtishni osonlashtiradigan qonunchilik loyihasini taqdim etgan. Qosimbekning prognozlariga koʻra, yaqin yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasi besh milliard dollarga yetishi mumkin.

Latest from Blog