/

Qorabogʻ mojarolari: AQSH tomonidan eʼlon qilingan uchinchi sulh natija bermadi

AQSH Davlat departamenti Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida amerikaliklarning vositachiligi bilan yangi gumanitar bitim tuzish boʻyicha navbatdagi kelishuv toʻgʻrisida bayonot berdi. Shundan soʻng Minsk guruhi hamraislarining Moskva kelishuviga binoan gumanitar sulhni qayta boshlash, shuningdek, Qorabogʻ mojarosini yakuniy hal qilish boʻyicha substansial muzokaralarni jonlantirish zarurligi toʻgʻrisida favqulodda bayonoti berildi.

Maʼlumotlarga koʻra, oʻt ochish rejimi 26-oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 8: 00da kuchga kiradi.

Bayonotda aytilishicha, AQSH Davlat kotibining yordamchisi Stiven Bigun 24-oktyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlari Jayxun Bayramov va Zohrab Mnatsakanyan bilan uchrashgan.

Ushbu uchrashuv davomida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari oʻz davlatlarining 10-oktyabr kuni Moskvada kelishilgan insonparvarlik maqsadlarida oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi bitimga rioya qilish majburiyatini tasdiqladilar.

Davlat departamenti Qoʻshma Shtatlar Ozarbayjon va Armanistonni Togʻli Qorabogʻ mojarosini tinch yoʻl bilan hal qilishga yaqinlashtirish maqsadida tashqi ishlar vazirlari va Minsk guruhi hamraislari oʻrtasida intensiv muzokaralarga koʻmaklashganini taʼkidladi.

23-oktyabr, juma kuni AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo Bayramov va Mnatsakanyan bilan alohida uchrashuvlar oʻtkazdi. Muzokaralar yakunida Amerika diplomatiyasi rahbari Vashington Togʻli Qorabog ʼmuammosini hal qilish boʻyicha diplomatik harakatlarni davom ettirishini aytdi.

“AQSh Armaniston va Ozarbayjonni Tog‘li Qorabog‘dagi nizoni tinch yo‘l bilan tartibga solishga yaqinlashtirish uchun Minsk guruhi hamraislari va tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida intensiv muzokaralar o‘tkazilishiga imkoniyat yaratdi”, — deyiladi AQSh Davlat departamenti bayonotida.

Sulh kuchga kirishi bilan darhol ikkala tomon ham bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda aybladi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston harbiylari Qorabog‘dagi Terter shahrini va yaqin oradagi qishloqlarni o‘qqa tutganini ma’lum qildi.

So‘ng Armaniston Mudofaa vazirligida Ozarbayjon qurolli kuchlari Qorabog‘ armiyasining mintaqaning shimoli-sharqiy yo‘nalishidagi pozitsiyalariga artilleriyadan o‘t ochganini xabar qilishdi.

Eslatib o‘tamiz, Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlar tinchlikka erishish uchun qilingan ikkita urinishga qaramasdan, 27-sentabrdan buyon davom etmoqda. Ozarbayjon va Armaniston 10-oktabr kuni soat 12:00 dan boshlab Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olgandi. Ammo shu kuni keyinroq Armaniston va Ozarbayjon Mudofaa vazirliklari bir-birini Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda aybladi.

19-oktabrda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgan. Keyinroq Pashinyan Tog‘li Qorabog‘da Rossiya uchun bevosita xavf soluvchi Suriya terrorchilik guruhlari jangarilari bo‘lganligi uchun Moskva u yerda aksilterrorchilik operatsiyalarini o‘tkazish uchun asosga ega ekanligini aytgan.

Turkiya esa Boku iltimos qilsa, “ikkilanmasdan” Ozarbayjonga askarlarini jo‘natishi va harbiy ko‘mak berishini ma’lum qildi.

Fikr bildirish

Latest from Blog