Foto: EFFECT.UZ

“Qo‘llarini bog‘lab, ikki soat zo‘rlashgan”. Andijonda 18 yoshli kelinni zo‘rlaganlikda olti kishi gumon qilinmoqda, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Andijon viloyatida besh nafar erkak dala shiyponida 18 yoshli kelinni zo‘rlagani, kelinning yaqinlari qonunbuzarlarga chora ko‘rishni so‘rayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi bayonot berib, tegishli ekspertizalar tayinlangani, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etayotganini ma’lum qilgan edi. Bosh prokuratura matbuot xizmati holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2002-yilda tug‘ilgan, “Bobog‘ozi” mahallasi Bog‘ko‘cha ko‘chasida yashovchi O.O. ismli ayolni zo‘rlaganlikda besh emas, balki olti kishi gumon qilinmoqda. Ularning barchasi Andijon tumanida yashaydi, jumladan,

  • “Qoraqalpoq” mahallasi Zarmarjon ko‘chasida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan haydovchi O.M. — uning oilasi, ikki nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan;
  • “Bobog‘ozi” mahallasi Omadyor ko‘chasida yashovchi, 1992-yilda tug‘ilgan mavsumiy ishchi A.S. — uning oilasi, ikki nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan;
  • “Aylanpa” mahallasi Aylanma ko‘chasida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan haydovchi A.M. — uning oilasi, uch nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan;
  • “Bobog‘ozi” mahallasi Tor ko‘chasida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan haydovchi M.J. — uning oilasi, ikki nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan;
  • “Aylanpa” mahallasi Aylanpa ko‘chasida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan haydovchi X.J. — uning oilasi, to‘rt nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan;
  • “Qoraqalpoq” mahallasi O‘tmishobod ko‘chasida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan haydovchi B.A. — uning oilasi, ikki nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan.

O.O. ismli 18 yoshli ayolning tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, u 13-may kuni turmush o‘rtog‘i O.O. bilan birga “Qoraqalpoq” mahallasi Zaripak ko‘chasi o‘ramida joylashgan dala shiyponiga dehqonchilik ishlari bilan shug‘ullanish uchun borgan, soat taxminan 16:00 da chaylada bir o‘zi qolgan vaqtda mahalladoshi A.S. mast holatda kelib, uni va erini tanishini, ularning uyiga o‘tin olib berganini aytib, ayolning egnida bo‘lgan ko‘ylak va lozimlarini yechib tashlab, 30 daqiqa davomida jinsiy aloqada bo‘lgan.

Ayolning tushuntirishiga ko‘ra, shundan keyin A.S. sheriklarini chaqirgan, ular ham chayla ichiga kirib, ayolning qo‘llarini ushlab turgan, A.S. esa yana bir soat, undan keyin O.M. ayol bilan yarim soat jinsiy aloqa qilgan (tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, O.M. ayolni tovuq katagi ichiga olib kirib, qo‘llarini arqon bilan bog‘lab qo‘ygan). Shundan so‘ng ayol erining oldiga borib, birga qo‘y boqqan, soat 20:30 da esa jinsiy a’zosidan qon kelib, homilasi qimirlamay qolganini bilgan.

“Fuqarolar O.M., A.S., A.M., X.J.va B.A. o‘z ko‘rsatuvlarida haqiqatan ham 13-may kuni soat taxminan 14:00 da ‘Qoraqalpoq’ mahallasi Zaripak ko‘chasi o‘ramida joylashgan dala maydoni tomonga cho‘milish uchun borgani, shu yerdagi Qoradaryo soyida cho‘milishgani, biroq shu kuni O.O. ismli ayolni ko‘rmagani va u bilan jinsiy aloqada bo‘lmaganini bildirgan”, — deyiladi rasmiy ma’lumotnomada. Gumon qilinuvchi sifatida ko‘rsatilgan bobog‘ozilik M.J.dan ko‘rsatma olingan-olinmaganiga aniqlik kiritilmagan.

Mazkur holat yuzasidan 16-may kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan (bu haqda hodisaning ayrim tafsilotlari kelinning yaqinlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinganidan so‘ng ma’lum bo‘ldi), dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilgan shaxslar 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.

Ayni vaqtda, 118-moddaning 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib jinsiy aloqa qilish) bilan aybdor deb topilgan shaxslar 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi belgilangan. Agar nomusga tegish og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa (118-modda 3-qismi “d” bandi), aybdor 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Latest from Blog