Qiymati 220 mln so‘mlik nodir gilamlarni noqonuniy ravishda O‘zbekistondan olib chiqishga urinish holati fosh etildi

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan “Istanbul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozga otlangan fuqarolar M.Tuxlieyva 2 dona va uning hamrohi K.Bartin esa 3 dona gilamlarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatmasdan hamda Madaniyat vazirligi tomonidan tegishli sertifikatlar olmasdan turib, olib chiqishga uringan paytda to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabar qildi.

Foto: customs.uz

Madaniyat vazirligi Badiiy ekspertiza boshqarmasining tegishli xulosasiga ko‘ra, qo‘lda to‘qilgan ushbu nodir gilamlar madaniy boyliklar toifasiga kiradi va ularning umumiy qiymati taxminan 220 million so‘mni tashkil qilar ekan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi tegishli qismlariga asosan jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. Endilikda ushbu gilamlar O‘zbekiston Davlat San’at muzeyi fondidan joy oladi.

Respublikamiz hududidan noyob va madaniy boyliklarning olib o‘tilishi tartibi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasidan madaniy boyliklarni olib chiqish va olib kirishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan bo‘lib, unga muvofiq an’anaviy xalq badiiy hunarmandchiligi buyumlari, tangalar, pochta otkritkalari (konvertlar) va kollektsiyalashning boshqa ashyolari, flora hamda fauna namunalari madaniy boyliklarga taalluqli ashyolar toifasiga kiritilgan. Ularning O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi yoki vaqtincha olib chiqilishi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan beriladigan sertifikatlar asosida amalga oshiriladi.

Qo‘mita matbuot xizmatidan ma’lum qilinishicha, bu kabi holatlar Surxondaryo va Toshkent viloyatlari bojxona postlarida ham kuzatilgan.

Jumladan, Surxondaryo viloyati “Boldir” chegara bojxona postida Rossiya Federatsiyasiga ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosi G.Safarning 12 dona, XVIII-XIX asrlarga oid bo‘lib, ularning umumiy qiymati 22 mln so‘mga teng bo‘lgan qadimiy tangalarni bojxona nazoratidan yashirincha olib o‘tishda maqsadida, ko‘ylagi orasiga qadab qo‘ygani fosh etildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 227-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan G.Safarning tangalari sud qaroriga asosan, Surxondaryo viloyati arxeologiya muzeyi fondiga topshirildi.

Foto: customs.uz

Toshkent viloyati “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona kompleksi orqali respublikadan chiqib ketayotgan fuqaro U.Abdikarimovaning qo‘l yuklari nazorat-rentgen apparati yordamida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, ushbu ayol ham yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan tarixiy buyumlarni yashirincha olib chiqib ketayotganligi aniqlandi.

Turli yillarda chop etilgan pochta markalari, otkritka, rasm, konvert va fotosuratlar, pul va tangalar, yog‘och haykalcha va qo‘l soati. Xullas, yashirin ravishda olib chiqishga urinilgan bu ayoshlarning soni 200 dan oshadi.

Ushbu chegara-bojxona kompleksida qo‘shni davlat fuqarosi G.Bekov yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilmasdan turib, qiymati 8 mln so‘mlik 1 dona qo‘ng‘ir ayiq terisini yashirincha olib chiqishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.

Foto: customs.uz

Ta’kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublika bojxonachilari tomonidan aniqlangan 38 ta bojxona qoidabuzarliklari natijasida 7,5 ming donadan ortiq noyob tarixiy va madaniy boyliklarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Latest from Blog