Qirg‘izistondagi kafeda yuz bergan portlashda namanganliklar jabrlandi

O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2018-yil 20-fevral kuni Jalolobod viloyatining Qo‘chqor-Ota shaharchasida baxtsiz hodisa ro‘y berdi. Natijada shahardagi kafelardan birida ishlaydigan O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi jarohatlandi, deya xabar berdi TIV axborot xizmati.

Foto: «24.kg»

Xususan, Jalolobod viloyatining IIB ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘chqor-Ota shaharchasidagi «Aziya» kafesida gaz o‘chog‘idan gaz sizilishi oqibatida portlash sodir bo‘ldi. Voqea ro‘y bergan paytda xonada 4 kishi bo‘lgan va natijada ularning yuqori tana qismlari kuygan. Jabrlanganlardan uch nafari Namangan shahri va yana biri Qirg‘izistonning To‘xtagul tumanidan bo‘lgan.

O‘zbekiston fuqarolari — Azimjon Valiyev va Muhammadbobur Turg‘unpo‘latov Qo‘chqor-Ota shahridagi shifoxonaga joylashtirildi. Rustam Parpiyev esa uchinchi darajada kuyib, O‘sh shahridagi kasalxonaga yotqizildi.

Favqulodda hodisa ro‘y bergan joyda operativ tergov guruhi faoliyat olib bormoqda. Hodisa holatlari o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston elchixona tomonidan O‘sh shahridagi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining mas’ul Vakolatxonasi vakillari va Jalolobod tumani Ichki ishlar boshqarmasi bilan ishchi aloqalar o‘rnatildi.

Latest from Blog