/

Qirg‘iziston prezidenti o‘z portretini davlat idoralariga osmaslikni tavsiya qildi

Foto: Kloop

Qirg‘iziston prezident Sadir Japarovning matbuot kotibi Galina Bayterek davlat idoralari binolari va kabinetlarida davlat rahbarining portretini osib qo‘yish kerak yoki yo‘qligi haqidagi prezident xabarini tarqatdi, deb yozmoqda Kloop.

“Sadir Japarov ayni paytda o‘zini fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash uchun hali hech narsa qilmagan deb hisoblaydi. Shuning uchun u davlat hokimiyatining barcha organlariga uning portretini kabinetlarga va ma’muriy binolarga osib qo‘ymaslikni tavsiya qiladi”, — dedi Bayterek.

Buning o‘rniga Japarov davlatchilikni mustahkamlash va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shgan Jusup Abdrahmanov va Is’haq Razzoqov kabi davlat arboblarining portretlarini osib qo‘yishni taklif qiladi.

Odatda davlat idoralarida prezidentning portreti, bayrog‘i va madhiyasi osib qo‘yilgan bo‘ladi. Sadir Japarovning inauguratsiyasi 28-yanvar kuni Bishkekdagi Milliy filarmoniyada bo‘lib o‘tgandi.

2020-yil 4-oktabrda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan so‘ng boshlangan siyosiy inqiroz sharoitida Japarov prezident bo‘ldi. O‘shanda saylovdagi soxtalik tufayli yuzaga kelgan tartibsizliklar fonida sobiq deputat Sadir Japarov o‘z tarafdorlari ko‘magi bilan hokimiyatga kelgan.

Qisqa vaqt ichida u bosh vazir va prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ldi, so‘ngra mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, muddatidan oldin prezident saylovlari va boshqaruv shakli bo‘yicha referendum o‘tkazish tashabbuslari bilan chiqdi.

10-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan referendumda saylovchilar prezidentlik boshqaruv shaklini tanladi. Huquqshunoslar va jamoatchilik tanqidiga qaramay, qirg‘izistonliklar Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha navbatdagi referendum va takroriy parlament saylovlarini kutmoqda.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog