Foto: Qashqadaryo viloyat IIB

Qashqadaryolik blogerga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi. U yolg‘on xabar berishda ayblanmoqda

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida faoliyat yurituvchi blogerga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi. U yolg‘on xabar berishda ayblanmoqda.

Mazkur voqea haqida rasmiy ma’lumot bergan viloyat IIB axborot xizmatining yozishicha, bloger va uning sherigi boshqaruvidagi mashinasi o‘g‘irlangani haqida yolg‘on xabar bergan.

Rasmiy axborotda aytilishicha, Chiroqchi tumanidagi “Dam” MFYda yashovchi Humoyun Umrzoqov tanishi X.B bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruhga birlashib, 2021-yilning 31-avgustidan 1-sentabrga o‘tar kechasi fuqaro M.E.ning nomiga rasmiylashtirilgan, o‘zi foydalanib kelgan “Vaz 2106” rusumli 70 V 630 YA davlat raqam belgili avtomashinasi o‘g‘irlanganini xabar qilgan. Aslida esa o‘zi mashinani shu qishloqda yashovchi tanishining uyi orqa tomoniga olib borib, ochiq holda qoldirgan.

“So‘ngra 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, navbatchi operatorga go‘yoki mashinasi uyi oldida ochiq holda qoldirilganini, kech soat 02:00 da avtomashinasini noma’lum shaxslar olib ketganini bayon qilib, aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, jinoyat to‘g‘risida bila turib, yolg‘on xabar bergan”, — deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova.

Qayd etilishicha, murojaat bo‘yicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida “Vaz 2106” rusumli 70 V 630 YA davlat raqamli avtomashina noma’lum shaxslar tomonidan olib qochilmagani, aksincha, avtomashina arizachi Humoyun Umrzoqov tomonidan ayblovning sun’iy dalillarini vujudga keltirgan holda, yashash uyidan uzoq joyga olib borib qo‘yilgani aniqlangan.

“Mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan H.U. va X.B.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 237-moddasi 2-qismi “a”,“b” bandlari (ayblovning sun’iy dalillarini vujudga keltirgan holda, g‘arazgo‘ylik niyatida yolg‘on axborot berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan”, — deyiladi viloyat IIB rasmiy axborotida.

Hozirda Chiroqchi tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Latest from Blog