Foto: kafeleopold.business.site

Qashqadaryoda kafe, oshxona, choyxonalarning soat 22:00gacha ishlashiga ruxsat berildi

/

Qashqadaryo viloyatida karantin boʻyicha tartib va cheklovlarga qoʻshimchalar kiritildi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov.

Maʼlum qilinishicha, 28-iyunidan viloyat hududida koʻngilochar obyektlar — restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter oʻyinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish obyektlari — kafe, oshxona, choyxonalarni ishlashiga soat 8:00 dan 22:00 gacha ruxsat beriladi.

Yangi kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra:

  • koʻngilochar va umumiy ovqatlanish obyektlarida tashrif buyuruvchilarga ushbu muassasalarning umumiy sigʻimining 50 foizidan qatʼiy oshirmagan holda xizmat koʻrsatish;
  • supermarket va boshqa yirik doʻkonlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, dezinfeksion “toʻshaklar” va antiseptik vositalari bilan jihozlash, ularga kirishda har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 37S va undan yuqori boʻlgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud boʻlgan holatda kiritmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda boʻlishini taʼminlash;
  • barcha bozorlar — dehqon va buyum bozorlari, pishirilgan taomlar bilan savdo qiluvchi bozorlar, kunlik bozorlar, qurilish mollari bilan savdo qiluvchi bozorlar, avtomobil va ulgurji bozorlar haftaning bir kunini sanitar-tozalash uchun yopishni shaxsan nazoratga olish;
  • kunlik va juma namozlarini faqat masjidning ochiq havodagi maydonlarida (ochiq ayvonlar, masjid hovlisi, masjidga tutash ichki koʻchalar) tibbiy niqobda boʻlish va oraliq masofani saqlagan holda tashkil etiladi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar va ushbu infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarga Qarshi shahridagi “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ balansidagi “Geolog” sport majmuasida tashkil etilgan COVID-19 taqsimlash markazi faoliyati qayta tiklanadi.

Avvalroq, 28-iyundan boshlab barcha umumiy ovqatlanish obyektlari va koʻngilochar obyektlarning ish vaqti soat 8:00dan 20:00gacha qilib belgilanishi haqida xabar berilgan edi. Keyinroq Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev koʻngilochar obyektlarning ish vaqtini 22:00gacha uzaytirishni taklif qilgan edi.

Latest from Blog