Qashqadaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi «o‘lib-tirilgan» go‘dak holati bo‘yicha axborot berdi

Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida jarrohlar tomonidan «o‘ldi» deb ota-onalariga topshirilgan bir yarim oylik go‘dak Muhammadjon Rashidov mayit yuvuvchining qo‘lida jonlangani haqida ma’lum qilingandi.

Qashqadaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bemor go‘dakning holati bo‘yicha axborot berdi.

Axborotda qayd etilishicha, go‘dakning buvisi Nargiza Qurbonova mahalliy OAVlarga tarqatgan ma’lumotlari orasida haqiqatga zid bo‘lgan faktlar ham bor, ya’ni 2017-yil 14-may kuni tug‘ilgan bemor Muhammadjon Rashidov kasalxonadan uyiga olib ketilayotganda vafot etgan emasdi, u tirik bo‘lgan. Bu haqda bemorning onasi va buvisi tilxat ham yozgan. Bola vafot etgani haqidagi xulosa uning yaqinlari tomonidan qilingan va bu haqda tibbiyot xodimlariga xabar berilmagan.

Muhammadjon Rashidovning kasalxonaga olib kelinishi bo‘yicha Qashqadaryo viloyat SSB boshlig‘i To‘lqin Rasulov quyidagicha ma’lumot beradi:

“Bemor Muhammadjon Rashidov viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga shu yilning 10-iyun kuni “Markaziy nerv tizimining perinatal zararlanishi. Chaqaloqlar gemolitik kasalligi. Homila ichi infektsiyasi” tashxisi bilan og‘ir ahvolda chaqaloqlar jonlantirish bo‘limiga qabul qilingan. Shundan so‘ng, barcha laborator va instrumental tekshiruvlar o‘tkazilgan. Reanimatsion va intensiv davo muolajalari qo‘llanilganiga qaramay, bemor ahvoli o‘ta og‘irligicha qolgan.

Oxirgi vaqtlarda bemorda qo‘shimcha ravishda qorin taranglashishi, dam bo‘lishi, qorinning kattalashishi, ich kelmasligi, tana haroratining ko‘tarilishi, qayt qilish kabi belgilar kuzatilgan. Shundan keyin bemor jarrohlar tomonidan qayta konsultatsiya qilingan va unga “Yarali nekrotik enterokolit, yo‘g‘on ichak stenozi, peritonit” tashxisi ham qo‘yilgan.

Bunday vaziyatda, albatta, operativ davo lozim bo‘ladi. Ammo Muhammad Rashidovning ahvoli og‘irligi bois, operatsiya katta xavf ostida qilinishi bemor yaqinlariga tushuntirilgan. 2017-yilning 28-iyun kuni bemor Muhammad Rashidovning onasi tilxat asosida operatsiyaga roziligini bildirgan. Shu kunning o‘zidayoq, ya’ni soat 15:30dan bemor operatsiyaga tayyorlana boshlandi. Va soat 17:00 dan 18:50 gacha jarrohlik amaliyoti bajariladi.

Ushbu amaliyotdan so‘ng “Sepsis. Homila ichi infektsiyasi. Yarali nekrotik-gangrenoz total enterokolit. Yo‘g‘on ichaklar va ingichka ichak yaralarining perforatsiyasi. Tarqalgan najasli-yiringli-fibrinli peritonit. Endotoksikoz” tashxisi qo‘yiladi.

Shifokorlarning barcha amaliy choralarni ko‘rishiga qaramasdan bemor ahvoli og‘ir bo‘lgan. Jarroh ushbu murakkab vaziyatni bemorning qarindoshlariga tushuntirgan. Shundan so‘ng, bemorning buvisi bolani uyga olib ketmoqchi bo‘ladi. Shifokorlarning ruxsat bermasligiga qaramay, tilxat asosida 28-iyun kuni soat 19:30 da bemor Muhammad Rashidovni uyga olib ketgan.

Bemor shifoxonadan olib ketilgan kunning o‘zidayoq soat 22:30 – 23:00 larda Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining reanimatsiya bo‘limiga uni yana qaytarib olib kelishgan va davo muolajalari davom ettirilgan.

Hozirgi vaqtda bemor jonlantirish bo‘limida. Davo muolajalari davom ettirilmoqda”.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar