Qarshidagi portlash yuzasidan rasmiy ma’lumot paydo bo‘ldi

OAVida Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida kuchli portlash ro‘y bergani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Foto: O‘zbekiston 24

Mazkur xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida «O‘zbekiston 24» Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi bilan bog‘landi.

YoXB ma’lumotiga ko‘ra, Qarshi-Beshkent yo‘lida “O‘ztransgaz” AKga qarashli avtoturargohdagi gaz tashish avtomobilida yuzaga kelgan texnik nosozlik tufayli mashina portlab ketgan.

“2017-yilning 15-avgust kuni soat 00.15da Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar Qarshi-Bishkent yo‘lining 5 kilometrida yong‘in sodir bo‘lganligi haqida viloyat yong‘in xavfsizligi xizmatining «101» telefon raqamiga xabar kelib tushgan. Voqea joyiga yong‘in o‘chirish ekipajlari soat 00.21 da yetib borib, soat 00.48da yong‘in bartaraf etilgan.

Foto: O‘zbekiston 24

Yong‘in «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi «O‘ztransgaz» AK «Janubgaz ta’minot» UKga qarashli avtoturargohda suyultirilgan (propan) gaz tashishga mo‘ljallangan «MAN» rusumli avtomobildan «Zil-441510» rusumli avtomobilga gazni o‘tkazayotgan vaqtida gaz va xavo aralashmasining chaqnashi oqibatida sodir bo‘lib, «Zil-441510» rusumli avtomobil yonib zararlangan hamda uning haydovchisi kuyish tan jaroxati olib shifoxonaga joylashtirilgan”, — deyiladi rasmiy bayonotda.

Latest from Blog