Foto: President of Russia

Putin: Rossiya tojik-qirgʻiz chegarasidagi muammolarni hal qilishda yordam berishga tayyor

/

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 24-may kuni Bocharov Ruchey qarorgohida Sochiga ishchi tashrif bilan kelgan Qirgʻiziston rahbari Sadir Japarovni qabul qildi. Bu haqda Kreml veb-sayti xabar bermoqda.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishni, shu jumladan Yevrosiyo makonidagi integratsion birlashmalar doirasini muhokama qildilar. Mintaqaviy dolzarb muammolar, jumladan, tojik-qirgʻiz chegarasida barqarorlikni mustahkamlash boʻyicha fikr almashildi, deb xabar qildi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti matbuot xizmati.

Rossiya prezidenti veb-saytida eʼlon qilingan nutqida Putin ushbu masalani Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan ham muhokama qilgani xabar qilingan.

“Biz tojik-qirgʻiz chegarasidagi vaziyatni diqqat bilan va katta xavotir bilan kuzatdik. Yaqinda Tojikiston Prezidenti mamlakatimizga tashrif buyurdi. Biz u bilan bu masalani muhokama qildik, albatta. Ikki tomonning ushbu turdagi barcha tortishuvli masalalarni muzokaralar jarayonida hal qilish niyatida ekanligini ijobiy qabul qildik. Bizga bogʻliq boʻlgan barcha saʼy-harakatlarni ushbu muammolarni hal qilishda sizga yordam berish uchun qilamiz. Har qanday masalani uzoq muddatli va har ikki tomonning manfaatlariga javob beradigan qilib hal qilishning bunday usulini topish kerak. Biz ham bunga intilamiz, har tomonlama yordam beramiz”, — dedi Putin.

Tojikiston — Qirgʻiziston chegarasida toʻqnashuvlar 28-29-aprel kunlari boʻlib oʻtdi. 6-may kuni Tojikiston hukumati chegaralardagi toʻqnashuvlarda 19 kishi halok boʻlgan va 87 kishi jarohat olganini tasdiqladi. Qirgʻiziston tomonining maʼlumotlariga koʻra 189 nafar Qirgʻiziston fuqarosi jarohat olgan va 36 kishi, shu jumladan ikki bola halok boʻlgan.

Latest from Blog