Prokuratura: “Sardoba ishi” boʻyicha tergov 4 ta versiyani oʻrganmoqda

Bosh prokuraturaning maʼlum qilishicha, “Sardoba ishi” boʻyicha tergov 4 ta versiyani oʻrganmoqda. Bayonotda aytilishicha, 16-mayga qadar bu ish doirasida 170 kishi soʻroq qilingan. Tergov, zarurat boʻlsa, 7 oygacha davom etishi mumkin.

Foto: FVV.uz

Maʼlum qilinishicha, suv ombori qurilish loyihasi qiymati 1,2 trln soʻmni tashkil qilgan va davlat byudjetidan moliyalashtirilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinovning maʼlum qilishicha, “Sardoba ishi” boʻyicha tergov 4 ta versiyani oʻrganmoqda:

— Loyihadagi xatoliklar;
— Qurilish meʼyorlarining buzilishi;
— Ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar;
— Tabiiy ofat.

Xalqaro press-klubning Sardobadagi falokatga bagʻishlangan sessiyasida maʼlum qilinishicha, ish doirasida 170 kishi soʻroq qilingan.

Bundan tashqari, sudga oid qurilish ekspertizalari belgilangan. Bosh prokuror matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Hayot Shamsuddinovning aytishicha, hozirda yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.

Tergov muddati aslida 3 oydan oshmasligi lozimligi, ammo zarurat tugʻilsa, 7 oygacha uzaytirilishi mumkinligi ham taʼkidlandi.

Hayot Shamsuddinovning maʼlum qilishicha, Sardoba suv ombori obyektining pudratchisi “Sirdaryosuvqurilishinvest” DUK, yaʼni sobiq Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “15-chi sonli qurilayotgan obyektlar birlashgan direksiyasi” boʻla turib, bosh pudratchi sifatida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga qarashli “Oʻztemiryoʻlqurilishmontaj” UK qatnashgan.

Loyiha qiymati 1,2 trln soʻmni tashkil qilgan. Moliyalashtirish manbayi byudjet mablagʻlari hisobidan boʻlgan.

Maʼlum boʻlishicha, jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlarini DXX hamda IIVning malakali va tajribali xodimlaridan iborat tezkor tergov guruhi olib bormoqda.

Oʻzbekiston prezidenti Mirziyoyev 5-may kungi selektor yigʻilishida “Sardoba aybdorlari kim boʻlishidan qatʼiy nazar, jazosini oladi”, deya vaʼda bergan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog