Prezident To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon Ibrat majmuasi qurilishi jarayoni bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Namangan viloyatiga keldi.

Foto: UzA

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 2-noyabr kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda Is’hoqxon Ibrat haqida alohida to‘xtalib, u kishiga atab zamonaviy bog‘ yaratish, yodgorlik majmuasi va “Ibrat maktabi”ni tashkil qilish tashabbusini bayon etgan edi.

Uning taklifi jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanib, To‘raqo‘rg‘on tumanida Is’hoqxon Ibratga bag‘ishlangan so‘lim bog‘, yodgorlik majmuasi va “Ibrat maktabi” bilan tashkil etilmoqda, deb yozadi O‘zA.

Davlat rahbari mazkur kompleksni mazmun jihatidan takomillashtirish, til o‘rgatish bo‘yicha maxsus maktabni Namangan davlat universiteti qoshida tashkil etish, bu yerda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda xorijiy tillarni ixtisoslashtirilgan tarzda o‘rgatish zarurligini ta’kidladi. O‘qituvchi va o‘quvchilarga zarur sharoitlar yaratish, majmua atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Namnews sayti yozishicha, mazkur bunyodkorlik ishlariga 16,2 milliard so‘m mablag‘ sarflash ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirgacha 3,5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ o‘zlashtirildi.

Fikr bildirish

Latest from Blog