Mo‘ynoqqa toza ichimlik suvi yetib bordi

Joriy yilning 1-iyul sanasi mo‘ynoqliklar uchun katta bayram, katta to‘yga aylangan tarixiy kun sifatida barchaning hayotida muhim o‘rin egalladi, deya xabar bermoqda Kruz.uz.

Foto: Kruz.uz

Barchamizga ma’lum, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2017-2021-yillarga belgilangan Orolbo‘yi mintaqasini obodonlashtirish va Mo‘ynoq tumanini 2017-2018-yillarda iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha maxsus qarorlar qabul qilindi va ushbu hujjatlar asosida bugungi kunda aholi hayotida katta o‘zgarishlar va yangilanishlar ro‘y bermoqda.

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev shu yilning 20-21-yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq toza ichimlik suvi tarmog‘i qurilishi bilan yaqindan tanishgandi. Ushbu 101 kilometrlik suv tarmog‘i ishga tushgach, bir sutkada 7 ming kub metr suv yetkazib berish va 25 mingdan ortiq aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoni yaratilishi ta’kidlangandi.

Bu Mo‘ynoq tumani aholisining ko‘p yillardan buyon ro‘yobga chiqmay kelayotgan armoni edi. Prezidentning tashrifidan so‘ng ushbu armon ruyobga chiqdi. O‘tgan oylar davomida Bosh pudratchi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli “Maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stantsiyasi” korxonasi tomonidan 26 milliard so‘mlik ish ko‘lami bajarildi.

Joriy yilning 1-iyul kuni “Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq magistral suv tarmog‘i”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bundan so‘ng aholining ko‘pdan kutgan armoni ishga oshdi. Toza ichimlik suvi tarmog‘i ochilib, undan osmon qadar otilib chiqqan toza suv ko‘ngillarga o‘zgacha quvonch, o‘zgacha shodlik bag‘ishladi. Aholi toza suvdan ichib, uni peshanasiga boshib, ko‘zlariga quvonch yoshlarini oldi va shunday kunlarga yetgani uchun shukuronalik qilishdi.

Tadbirda Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq toza ichimlik suvi tarmog‘ining qurilish ishlarida faol ishtirok etgan rahbar va ishchi-xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar va Faxriy yorliklar topshirildi.

Latest from Blog