Prezident shu hafta Yaponiya yetakchisi va MO davlatlari rahbarlari bilan muloqot qiladi

Dushanba kuni anʼanaga muvofiq oʻtkazilgan brifingda, prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov shu hafta davlat rahbarining ish grafigidan oʻrin olgan tadbirlar haqida axborot berdi.

Uning taʼkidlashicha, haftaning ilk kunida davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot oʻtkaziladi.

“Shuningdek, hafta davomida sogʻliqni saqlash sohasida raqamlashtirish jarayonlari hamda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash masalalari boʻyicha videoselektor oʻtkazilishi moʻljallangan”, — dedi Asadov.

Hafta mobaynida prezident xalqaro ahamiyatdagi tadbirlarda ham ishtirok etishi kutilmoqda. “Bu hafta prezidentimiz Yaponiya yetakchisi hamda mintaqamiz mamlakatlari rahbarlari bilan muloqotlar oʻtkazishi rejalashtirilgan”, — dedi uning matbuot kotibi.

Davlat rahbari shuningdek, Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisidagi qarorga imzo chekishi ham kutilmoqda.

Latest from Blog