Prezident Sergelida yer usti metrosi qurilishi bilan tanishdi

10-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida amalga oshirilayotgan metro qurilishi bilan tanishdi.

Mazkur yo‘nalishdagi metro yer usti bo‘ylab, estakadalar orqali tashkil etiladi. Chilonzor yo‘nalishining Olmazor bekatidan boshlanadigan Sergeli yo‘nalishida oltita bekat bunyod etiladi.

Foto: UzA

2017-2020-yillarga mo‘ljallangan mazkur qurilishga 170,1 million dollar sarflanadi. Uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etuvchi mazkur inshoot to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 14 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mo‘ljallanmoqda. O‘ziga xos muhandislik yechimlari asosida bunyod etilayotgan transport yo‘li Choshtepa mahallasidan o‘tib, Sergeli tumanining Yo‘ldosh mavzesidagi Mag‘rib ko‘chasigacha boradi.

Qurilishda foydalanilayotgan texnika turlariga alohida e’tibor berish kerakligi ta’kidlandi. Bundan tashqari geologiya masalalari ham diqqat markazida bo‘lishi kerak.

Davlat rahbari yangi qurilayotgan yer usti metrosi yonidan o‘tadigan ko‘cha atrofida ikki va uch qator daraxt va gullar ekilishi lozimligini ta’kidladi.

O‘zA xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevga Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida olib borilayotgan qurilish ishlari haqida ham ma’lumot berildi. Bugun 2017-2019-yillarga qurib bitkazilishi ko‘zda tutilgan mazkur yo‘nalishning Turkiston bekatida poydevor quyish ishlari olib borilmoqda.

Yangi qurilayotgan metro bekatlarining dizayni, devorlariga ishlatiladigan qurilish materiallari, tasvirlardan namunalar namoyish etildi.

Prezident bekatlar shinam va yorug‘ bo‘lishi, bu borada yosh dizaynerlar o‘rtasida tanlov o‘tkazilishi lozimligini alohida ta’kidladi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog