Prezident nogironlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaxshilash bo‘yicha komissiya tashkil etdi

O‘zbekiston Prezidenti 1 avgustdagi farmoyishi bilan Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha komissiya tashkil etiladi. Uning tarkibidan bosh prokuror, ombudsman, 12 ta vazirlik va davlat qo‘mitasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, NNT Milliy assotsiatsiyasi va Nogironlar jamiyati rahbarlari o‘rin oldi.

Foto: Gazeta.uz

Hujjatda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

Tug‘ma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar kutilgan natijani bermayapti. Chaqaloqlarni perinatal skrining ko‘rigidan o‘tkazish tug‘ma nuqsonlarni o‘z vaqtida aniqlashni va nogironlikning keyinchalik oldini olishni ta’minlamayapti, deyiladi hujjatda.

Yosh bolalarni yalpi kompleks skrining ko‘rigidan o‘tkazishni tashkil etish va olib borishdagi kamchiliklar reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun qulay fursatning boy berilishiga hamda bolalar nogironligi paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.

Nogironlik guruhini aniqlash hamda protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari bilan ta’minlashda tibbiy-maslahat komissiyalari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatidagi byurokratik tartib-taomillar bartaraf etilmagan.

Nogironlarni hisobga olishning kompleks tizimi mavjud emasligi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yetarlicha joriy etilmaganligi nogironlarning ijtimoiy ahvolini monitoring qilish va ularga o‘z vaqtida zarur tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish imkonini bermayotgani qayd etilgan.

Nogironlikni aniqlash uchun tibbiy-ijtimoiy ekspertiza o‘tkazishda qo‘llanilayotgan mezonlar 40 yil avvalgi uslubiyotga asoslangan, mazkur sohada chuqur ilmiy tadqiqotlarning mavjud emasligi bu muammoni yanada kuchaytirmoqda.

Nogironlarga ta’lim berish va ularni ishga joylashtirishning amaldagi tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Nogironlarni mehnat faoliyatiga jalb etish o‘rtacha 2 foizni tashkil qiladi, bu esa mas’ul idoralarning ushbu sohadagi ishi qoniqarsizligidan dalolat beradi.

Quyidagilar tashkil etilgan komissiya vazifalari etib belgilandi:

nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash sohasidagi qonunchilikni undagi bo‘shliqlar, kamchiliklar va korrupsiyaviy omillarni aniqlash nuqtai nazaridan inventarizatsiya va tahlil qilish;

nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish holatini, ularning ta’lim olish va ishga joylashish huquqlari amalga oshirilishini, shuningdek, nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash sohasidagi vakolatli organlar faoliyatini tanqidiy o‘rganish;

nogironlar huquqlarini ta’minlash sohasidagi umume’tirof etilgan normalar va standartlarni, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini o‘rganish;

tibbiy-malakaviy komissiyalar va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatini shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, tartib-taomillarni o‘tkazishni soddalashtirish va ularning muddatlarini qisqartirish maqsadida qayta ko‘rib chiqish;

nogironlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish bo‘yicha, birinchi navbatda, nogironlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan ishlar ahvolini tahlil qilish;

nogironlar uchun protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik yangilash, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish va takliflar tayyorlash;

nogironlarning jamoat transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma ob’ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanishini ta’minlash holatini tahlil qilish;

nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash, tug‘ma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olish sohasidagi qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish, shuningdek, aholining keng qatlamlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni, shu jumladan, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish ishlarini tubdan kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish.

Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar 15 sentyabrga qadar tayyorlanishi lozim.

Latest from Blog